Trampning soʻzlariga koʻra, ikki mamlakat rasmiylari bir necha oylik tanaffusdan soʻng ilk bor muloqot qildi. AQSH tomonidan muzokaralarda uning maxsus vakillari Stiv Uitkoff va Jared Kushner, Eron tomonidan esa tashqi ishlar vaziri Abbos Aragʻchi qatnashgan. The New York Times xabariga koʻra, muloqot Qatar va Pokiston vositachiligida oʻtgan.

Uitkoff keyinroq X ijtimoiy tarmogʻida tomonlar kun davomida vositachilar orqali fikr almashganini maʼlum qildi. U muhokamalar raundi yakunlanganini va vositachilar ishni davom ettirishini bildirdi. Hozircha yakuniy kelishuvga erishilgani eʼlon qilinmagan.

Eron davlat ommaviy axborot vositalariga koʻra, Tehron Hoʻrmuz boʻgʻozi orqali kemalar qatnovini tiklash shartlarini AQSH tomoniga yetkazgan. Ular orasida AQShning dengiz blokadasini zudlik bilan toʻxtatishi, sanksiyalar sabab muzlatilgan Eron aktivlarini boʻshatishi va harbiy harakatlarga chek qoʻyishi bor.

Tramp Fors koʻrfazi davlatlari yetakchilari bilan uchrashuvda Eron bilan kelishuvga erishish yoʻlida siljish borligini aytdi. Biroq u BMT Bosh assambleyasidagi nutqida Tehronga nisbatan ancha keskin ohangda gapirgan edi: AQSH prezidenti Eron kelishuvga kelishi yoki «yoʻq qilinishi» mumkinligini taʼkidladi. AFP maʼlumotiga koʻra, Trampning chiqishi paytida Eron delegatsiyasi zalni tark etgan.