Shimoliy Amerikada futbol bo‘yicha 23-jahon chempionati o‘yinlari davom etmoqda. Oldindi kundaligimizdan keyin ko‘p o‘yinlar o‘tkazildi. Muhojirlar hushlanmayotgan Amerikada muhojirlar farzandi mezbon jamoaga g‘alaba keltirdi. Osiyo jamoalari yevropaliklarning tazirini berishda davom etmoqda. Nemislar bearmon gol urdi. Birinchi turda gol urgan arab yigit allaqachon Yevropa top jamoasiga o‘tdi. Asosiy favorit Ispaniya va eng diqqat markazidagi jamoa Eron yurishini boshlamoqda.
Amerikada muhojir qahramon
Birinchi turning eng yirik natijalaridan biri Los-Anjyelesda qayd etildi. Mezbon Amerika Paragvayni 4:1 hisobida yengdi. O‘yin startida paragvaylik futbolchi o‘z darvozasiga gol urib qo‘ydi. O‘yinning oxirgi soniyalarida «Borussiya» Myunhengladbah futbolchisi Jovanni Reyna yana bir gol urdi. O‘yin taqdirini esa amalda birinchi bo‘limda Florin Balogun tomonidan urilgan ikki gol hal qildi. «Arsenal» tarbiyalanuvchisi bo‘lgan bu yigit hozirda «Monako»ning ishongan hujumchisi.
Amerikada hozir muhojirlarga qanday munosabatda bo‘lishlarini bilasiz. Vaholanki, Amerikada tub aholi degan tushunchaning o‘zi yo‘q, hamma qayerdandir ko‘chib kelgan. Tub amerikaliklar o‘ldirib yuborilgan. Lekin ana shu muhojirlar davlati Amerikada bugun muhojirlar xushlanmay qoldi, xuddi shunaqa muhojirlar tomonidan.
Amerikaga JChdek katta musobaqada g‘alaba keltirgan Florin Balogun ham nigeriyalik muhojirlar farzandi. Uning oilasi Londonda yashagan, bo‘lajak yulduz ota-onasi Amerikada safar qilayotgan vaqtda Nyu-Yorkda tug‘ilib qolgan. Shu-shu bolakay Amerikadan pasportli bo‘lib qaytadi. Oila keyinchalik Angliyada yashashda davom etadi, u «Arsenal»da futbol sirlarini o‘rganadi, Angliya yoshlar jamoasida ham o‘ynaydi. Lekin inglizlarda raqobat kattaligi uchun Amerika milliy jamoasi safida o‘ynashga qaror qiladi.
Amerikaliklarning to‘rtinchi golini urgan Jovanni Reyna ham Angliyada tug‘ilgan. U kelib chiqishi argentinalik bo‘lgan Klaudio Reynaning o‘g‘li. Reynada Portugaliya fuqaroligi ham bor. Otasi unga niderlandiyalik ajoyib futbolchi Jovani van Bronhorstning ismini qo‘ygan. Muhojirlar xushlanmay qolgan Amerikada muhojirlar farzandlari gol urib yurgani qanday ajoyib.
Birinchi turning kutilmagan natijalaridan biri - biz saralashda guruhda qoldirib ketgan, lekin keyin bir amallab JChga chiqqan Qatar Yevropa vakili Shveytsariyadan ochko olgani bo‘ldi. Avvaliga Shveytsariya Emboloning golidan keyin oldinga chiqib olgandi, lekin qatarliklar markaziy himoyachisi Bualem Huhi 90+4-daqiqada hujumga o‘tib jamoasiga durang natijani keltirdi.








