Eronning AQSh bilan muzokaralarda ishtirok etayotgan delegatsiyasi prezident Donald Trampning tahdidlari bois muzokaralar o‘tkazilayotgan joyni tark etdi, deb xabar berdi Tasnim agentligi.
AQSh bayonotlarida ehtiyotkorroq bo‘lishi lozim, zero Eron armiyasi «boshqacha javob berishga tayyor», deb yozdi Eron parlamenti spikeri Muhammad Boqir G‘olibof X ijtimoiy tarmog‘ida.
«Nahotki ular tahdidlari samarali bo‘lganida, hozirgidek umidsizlikka tushib qolmagan bo‘lishlarini tushunishmayapti? Biz amerikaliklarning tahdidlariga e’tibor bermaymiz», — deya qo‘shimcha qildi u.
Tasnim agentligining qayd etishicha, Trampning bayonotlari AQSh va Eron o‘rtasidagi o‘zaro anglashuv memorandumining birinchi bandiga zid keladi. Unga ko‘ra, tomonlar bir-biriga nisbatan tahdidli bayonotlar bermaslik majburiyatini olgan.
21 iyun kuni Shveytsariyada AQSh va Eron vakillari o‘rtasidagi muzokaralarning birinchi bosqichi yakunlangach, delegatsiyalar maslahatlashuv uchun tanaffus olgandi.
Trampning so‘zlariga ko‘ra, u eronlik muzokarachilar bilan bog‘lanib, Ho‘rmuz bo‘g‘ozini ochiq qoldirishni talab qilgan hamda «Agar uni yopsangiz, mamlakatsiz qolasiz. Hatto la’nati mamlakatingizga qaytib borolmaysiz» degan.
Tramp Truth Social tarmog‘ida agar Eron Livandagi Hizbulloh guruhini moliyalashtirishni to‘xtatmasa, AQSh «o‘tgan haftadagidan ham kuchliroq zarba» berishini yozdi.











