Senegal milliy jamoasi jahon chempionati startida Fransiya bilan o‘yinda ko‘pchilikda yaxshi taassurot qoldirgandi. Afrikaliklar jamoasi o‘sha o‘yinning birinchi bo‘limida 2026 yilgi mundial favoritlarini barcha jabhalarda ortda qoldirishgandi. Endi bu jamoani Norvegiyaga qarshi muhim o‘yin kutmoqda. Katta ehtimol bilan, bu o‘yin guruhda ikkinchi o‘rinni kim olishini hal qiladi. Senegalliklar o‘yin bobida Erling Holand va uning jamosidan ustun kelishga qodir, agar ular ichki mojarolar sharoitida buni uddalay olishsa, ikki karra qoyil qolish kerak. Lekin jamoa ichkarisida muhit yaxshi emas – federatsiya futbolchilardan qarzini to‘lamagan va pul tejash uchun mundialga oshpazini olib kelmagan, bosh murabbiy esa besh oydan buyon maoshsiz ishlamoqda.
Senegal milliy jamoasida ishlar joyida emasligi haqida gaplar jahon chempionati boshlanishidan oldinroq paydo bo‘lgandi. May oyi oxirida Senegaldagi nashrlar milliy jamoa bosh murabbiyi Pap Tiav jahon chempionatiga borishdan bosh tortish bilan tahdid qilgani haqida xabar tarqatgandi – ushbu mutaxassis boshchiligida jamoa yanvar oyida Afrika kubogini qo‘lga kiritgandi (va bu kubokka finaldagi voqealar uchun texnik mag‘lubiyat yozilmagunicha egalik qildi). Manbalar Senegal futbol federatsiyasining Tiav bilan shartnomasi muddati fevral oyidayoq yakunlangani va uch oy o‘tsa ham shartnoma yangilanmagani haqida aytishgandi. Tiav esa rasmiy kelishuv va maosh yo‘qligiga qaramay, ishlashda davom etgan – futbolchilarni yig‘gan, o‘rtoqlik uchrashuvlari va mashg‘ulot yig‘inlari tashkillashtirishda qatnashgan. Papning kelajagi mavhumligi sharoitida Senegalning AQShga safari kechikkan. U masalani chempionat boshlanguniga qadar hal etishni talab qilgandi.
Shu bilan birga, Senegal futbol federatsiyasidagilar murabbiy bilan munosabatlarda qandaydir muammolar borligini qat’iyan rad etgan. Tashkilot AQShga safar kechikkanini quyidagicha bayonot orqali izohlagan:
«Senegal delegatsiyasi parvozi kechiktirilishi faqat ma’muriy va logistik murakkabliklar, xususan, AQSh hududiga maxsus reysni amalga oshirishga ruxsat berilishi kechikishi, shuningdek, shtabning ba’zi a’zolari uchun vizalar rasmiylashtirilishini kutish bilan bog‘liq. Federatsiya milliy jamoa murabbiyi shartnoma sababli safardan bosh tortgani haqidagi asossiz mish-mishlarni qat’iyan rad etadi. Shartnoma bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda, ammo ular jamoaga hech qanday ta’sir ko‘rsatmadi.
Moddiy-texnik ta’minotdagi kichik muammolar futbolchilar, murabbiylar shtabi va federatsiyaning hamjihatligi va qat’iyatini susaytirmaydi. Jamoa AQShdagi muhim o‘yinlar oldidan birdamligini saqlab qolmoqda. Federatsiya tayyorgarlik uchun zarur bo‘lgan tinch muhitni ta’minlaydi. Har qanday dezinformatsiyadan saqlanish uchun jamoatchilikka muntazam ravishda, shaffof va ishonchli axborot berib turamiz».












