1980 yil may oyida AQShda qayg‘uli hodisa sodir bo‘ladi. Taniqli fotograf Robert Landsberg mamlakatning shimoliy-g‘arbida joylashgan Sent-Helens vulqoni kraterini suratga olayotganda u uyg‘onib qoladi. Shunda fotograf qochish o‘rniga o‘z ishini davom ettiradi va o‘sha yerda halok bo‘ladi.
Dunyoda shunday odamlar borki, ular har doim aql va mantiq bilan ish tutishadi. Hozir sizga hikoya qilib bermoqchi bo‘lgan voqeamiz qahramoni amerikalik fotograf Robert Landsberg ham ana shunday insonlardan bo‘lgan.
Uzoq yillar davomida turli nashrlar va o‘z kolleksiyasi uchun suratlarni tasvirga tushirgan bu shaxs tabiat hodisasi – vulqon otilishi tufayli halok bo‘ladi.
O‘shanda Sent-Helens vulqonida to‘satdan kuchli portlash sodir bo‘lganida Robert ham boshqalarga o‘xshab xavfsiz joyga qochishga urinsa bo‘lardi.
Biroq vaziyatni baholagan fotograf qochgani bilan jonini asrab qololmasligini anglab yetadi va o‘z ishini davom ettiradi. O‘shanda u plyonka solingan sumkani tanasi ostiga berkitgan holda, o‘limni mardona kutib oladi. Ana shu ishi uni dunyoga mashhur qiladi.

Koreya urushi qatnashchisi
Qahramonimiz 1931 yilda AQShning Sietl shahrida tug‘iladi. Maktabni bitirgach, 1951-1959 yillar oralig‘ida AQSh harbiy-dengiz kuchlari safida xizmat qiladi.
Ana shu xizmat davrida Koreya yarimorolida fuqarolar urushi sodir bo‘ladi va Robert AQSh armiyasi safida janubliklar tomonida turib jang qiladi.
Harbiy xizmatdan so‘ng Robert fotografiya va film suratga olishga qiziqib qoladi U AQSh bo‘ylab sayohat qilib, mamlakatning diqqatga sazovor joylarini suratga tushiradi, kinoplyonkaga muhrlaydi.
1970 yilda Robert nashrlarning birida fotograf bo‘lib ishlay boshlaydi. O‘sha yili u suratga olgan “Janubiy Oregon, istaklar amalga oshadigan joy” hujjatli filmi “Turizmni rivolantirishga hissa qo‘shgan film” nominatsiyasida mukofotga sazovor bo‘ladi.
1978 yilda Robert tasvirga olgan suratlar Oregon shtatining Portlend shahridagi 16 ta turli jamoat binolariga ilib qo‘yiladi.
O‘sha paytlarda u bir necha marta Vashington shtatida joylashgan Sent-Helens vulqoniga boradi. Robert u yerda vulqon o‘zgarishlarini tasvirga tushiradi. Biroq uning navbatdagi tashrifi fojiali yakun topadi.














