Juma kuni Rossiya armiyasi bosh shtabi boshlig‘i Valeriy Gerasimov Vladimir Putinga RF armiyasi Donetsk oblastidagi strategik ahamiyatga ega bo‘lgan shahar Konstantinovkani to‘liq egallagani to‘g‘risida hisobot berdi. Ammo keyingi kuni Ukraina qurolli kuchlari bu bayonotni rad etib chiqdi, ukrainlar yetakchisi Volodimir Zelenskiy esa Kreml rahbariga Konstantinovkada uchrashuv o‘tkazishni taklif qildi. BBC rus xizmati ushbu shahardagi vaziyat haqida nimalar ma’lum ekanini ko‘rib chiqdi.

Kreml matbuot xizmati xabarida Putin Rossiya birlashgan qo‘shinlar guruhi boshqaruv punktlaridan biriga tashrif buyurib, u yerda Bosh shtab rahbariyati va guruhlar komandirlari bilan yig‘ilish o‘tkazgani ma’lum qilingan.

«Konstantinovka olindi. Bu, prezident [Putin]ning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina qurolli kuchlari mudofaasidagi muhim tugun hisoblangan Slovyansk-Kramatorskni egallashdagi birinchi, ammo juda muhim bosqichdir», – degan jurnalistlarga Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov.

Konstantinovkaning janubiy chekkalaridagi janglar 2025 yil oktyabrida boshlangandi. Joriy yil bahoriga kelib shahardagi kvartallarga 150 nafar atrofidagi rossiyalik harbiylar kirib, joylashishga muvaffaq bo‘lgandi.

Shanba kuni Rossiya mudofaa vazirligi Ukrainaga Konstantinovka atrofidagi janglarni to‘xtatishni va shahar mudofaasida halok bo‘lgan ukrainalik harbiylarning jasadlarini topshirishni taklif qildi.

Rossiya harbiy idorasi buni dushanba kuni Moskva va Kiyev vaqti bilan soat 12:00 dan 18:00 gacha amalga oshirishga tayyorligini ma’lum qilgan. Kiyev hozircha bu taklifga javob bermadi.

Ukrainadagilar nima demoqda?

Keyingi kunlarda Ukraina qo‘mondonligi hamda Zelenskiy Konstantinovka qo‘ldan ketgani haqidagi bayonotlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini aytib chiqishdi.

Shu bilan birga, Ukraina prezidenti agar ushbu aholi yashash manzili chindan ham Moskva nazoratida bo‘lsa, Putin bu yerga kelishi mumkinligini aytib o‘tdi.

«Albatta, bu noto‘g‘ri – bu shunchaki qandaydir yangilik tarqatishni xohlagan Rossiyaning navbatdagi yolg‘oni, – dedi Zelenskiy. – Agar Konstantinovka hozir Rossiya nazoratida bo‘lsa, Putin u yerda men bilan uchrashish va nihoyat urushni tugatish uchun diplomatik yechimlar topishda muammoga duch kelmasdi. Ammo u baribir chizig‘ini kesib o‘tmaydi: haqiqat Putinning so‘zlaridan jiddiy farqlanadi».