Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Qoraqalpog‘istonda «aqlli» shaharlar barpo etiladi
Qoraqalpog‘istonda raqamli infratuzilmani rivojlantirish va zamonaviy shaharsozlik yechimlarini joriy etish bo‘yicha yangi investitsiya loyihalari amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda. Bu jarayonda Pokistonning yirik investitsiya kompaniyalaridan biri - HRL Group ishtirok etadi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi Farhod Ermanov hamda O‘zbekistonning Pokistondagi elchisi Alisher To‘xtayev Lahor shahrida HRL Group bosh direktori Zohid Rafiq bilan uchrashib, ikki tomonlama investitsiyaviy hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi.
Muzokaralarda Qoraqalpog‘istonda Smart City loyihalarini amalga oshirish, raqamli infratuzilmani kengaytirish, axborot texnologiyalarini joriy etish va innovatsion ekotizimni rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tomonlar Xo‘jayli tumanida barpo etilayotgan Yoshlar shaharchasi hududida IT Park, Data Center va Smart City loyihalarini amalga oshirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi. Ushbu tashabbuslar raqamli xizmatlar sifatini oshirish, IT sohasini rivojlantirish va zamonaviy infratuzilmani shakllantirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
HRL Group rahbariyati kompaniya vakillari joriy yil aprel oyida Qoraqalpog‘istonga tashrif buyurib, hududning investitsiya salohiyati bilan tanishganini hamda mazkur loyihalarni amalga oshirishga tayyor ekanini ma’lum qildi.
Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, Nukus shahrida qurilishi rejalashtirilgan IT Parkning ishchi loyihasi allaqachon tayyorlangan va uni amaliy bosqichga o‘tkazish uchun zarur tayyorgarlik ishlari yakunlangan.
Uchrashuv davomida Nukus shahri uchun ishlab chiqilgan Smart Cityʼni real vaqt rejimida boshqarish imkonini beruvchi maxsus raqamli dastur ham O‘zbekiston tomoniga taqdim etildi. Ushbu yechim shahar infratuzilmasini samarali boshqarish, kommunal xizmatlar faoliyatini muvofiqlashtirish hamda aholi uchun yanada qulay va xavfsiz muhit yaratishga qaratilgan.
Muzokaralar yakunida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va HRL Group o‘rtasida investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi»ni ishlab chiqish va imzolashga kelishib olindi.
Shuningdek, kompaniya yaqin vaqt ichida mutaxassislar guruhini Qoraqalpog‘istonga yuborib, ajratilgan yer maydonlarini o‘rganishi va har bir loyiha bo‘yicha texnik hamda tijorat takliflarini taqdim etishi ma’lum qilindi.
Mavzuga oid
08:49 / 02.07.2026
1,4 mlrd so‘mni talon-toroj qilgan guruh fosh etildi
19:19 / 11.06.2026
Qoraqalpog‘istonda soxta hisobotlar ortidan yuzlab million so‘mlik subsidiyalar olingan
09:20 / 27.05.2026
Toshkentdan Qoraqalpog‘istongacha “yashil” texnikumlar tashkil etiladi
08:37 / 25.05.2026