Surxondaryo viloyatida öta issiq ob-havo şaroitida avtomobil yöllari qoplamasini saqlaş maqsadida oğir yuk maşinalari harakatiga vaqtinça çeklov joriy etildi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Gidrometeorologiya xizmati ma’lumotlariga köra, viloyatda kunduzi havo harorati +42...+44 darajagaça, ayrim hududlarda esa undan ham yuqori körsatkiçlargaça kötarilmoqda. Bunday şaroitda asfalt-beton qoplamasining harorati +70...+80 darajagaça yetib, yölning yuk kötariş qobiliyati pasayadi.
Mutaxassislar ta’kidlaşiça, yuqori harorat ta’sirida oğir yuk avtomobillari harakati yöl qoplamasida ğildirak izlari, deformatsiyalar va boşqa texnik nuqsonlarni keltirib çiqarişi mumkin.
Şu munosabat bilan davlat budjeti va xalqaro moliya institutlari mablağlari hisobidan qurilgan hamda ta’mirlangan avtomobil yöllarini asraş maqsadida Termiz şahri, tuman markazlari va ularni boğlovçi umumiy foydalanişdagi avtomobil yöllarida oğir yuk avtomobillari harakati har kuni soat 10:00 dan 19:00 gaça vaqtinça çeklanadi.

Mazkur çeklovlar Özbekiston Respublikasining «Yöl harakati töğrisida» va «Avtomobil yöllari töğrisida»gi qonunlari talablari asosida joriy etilmoqda.
Mutasaddilar haydovçilar, yuk taşuvçi korxona va taşkilotlardan belgilangan çeklovlarga qat’iy rioya qiliş, yuk taşiş vaqtini oldindan rejalaştirişni söradi.
Qayd etilişiça, uşbu çoralar yöl infratuzilmasini asraş, harakat xavfsizligini ta’minlaş va avtomobil yöllarining xizmat muddatini uzaytirişga qaratilgan.

















