NATO uzoq yillar davomida asosiy e’tiborini Yevropa xavfsizligi va Rossiyaga qaratib keldi. Bugun esa alyans strategiyasida Xitoy tobora muhim o‘rin egallamoqda. Chunki NATOning asosiy davlati – AQSh uzoq istiqbolda Xitoyni o‘zining bosh geosiyosiy raqibi sifatida ko‘rmoqda.
Mavzu yuzasidan siyosiy tahlilchilar Kun.uz'ning “Geosiyosat” dasturida fikr yuritdi.
— NATO agarda mudofaa tashkiloti bo‘lsa, Xitoy uning geografik hududidan minglab kilometr uzoqda. Unda nega Xitoy asosiy strategik tahdidlardan biri sifatida tilga olinyapti?
Anvar Yo‘ldoshev: NATO Xitoyga Rossiyaga ko‘rsatayotgan yordami nuqtayi nazaridan baho bermoqda. Chunki Xitoy Rossiyaga ikki maqsadli mahsulotlar – mikrochiplar, yarim o‘tkazgichlar va boshqa yuqori texnologik komponentlarni yetkazib bermoqda. Bundan tashqari, jamoatchilikka ma’lum bo‘lmagan turli iqtisodiy va texnologik hamkorlik mexanizmlari ham mavjud. Bularning barchasi Rossiyaning sanoat va harbiy salohiyatini saqlab qolish hamda mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Shu sababli NATO bugungi kunda Xitoyni muhim strategik tahdidlardan biri sifatida ko‘rmoqda. Biroq bu faqat Rossiyani qo‘llab-quvvatlayotgani bilan bog‘liq emas. Xitoyning iqtisodiy, texnologik va harbiy salohiyati izchil o‘sib bormoqda. NATO mamlakatlari va AQSh esa kelajakda Xitoy o‘zlari uchun eng yirik strategik raqobatchilardan biri bo‘lishini inobatga olmoqda. Menimcha, masalaning mohiyati aynan shunda.
Kamoliddin Rabbimov: NATOning tahdidlar haqidagi tasavvuri qanday evolyutsiya qilganiga qisqacha to‘xtalish kerak. NATO 1949 yilda tashkil etilgan va Sovuq urush davrida uning asosiy tahdid obekti sotsialistik lager, xususan, sovet ittifoqi edi. Sovuq urush tugab, SSSR parchalangach, qariyb yigirma yil davomida NATO yangi strategik tahdidni izlash bilan band bo‘ldi.
O‘sha davrda hatto NATO va Rossiya o‘rtasida hamkorlik kengashi faoliyat yuritgan, tomonlar Bryussel va Moskvada muntazam uchrashib, xavfsizlik masalalarida hamkorlik qilgan. E’tiborli jihati shundaki, o‘sha yillarda Xitoy NATO tahdidlari ro‘yxatida umuman tilga olinmagan.
2001 yil 11 sentabr voqealaridan so‘ng NATO asosiy tahdid sifatida diniy ekstremizm va u bilan bog‘liq xalqaro terrorizmni ko‘ra boshladi. Biroq vaqt o‘tishi bilan musulmon dunyosi G‘arb uchun tizimli strategik raqib emasligi ayon bo‘ldi. Aksincha, AQShning Yaqin Sharqdagi eng yaqin ittifoqchilari Saudiya Arabistoni va boshqa arab monarxiyalari bo‘lib qoldi.















