Avto | 18:45
1548
2 daqiqa o‘qiladi

To‘liq elektrlashtirilgan Range Rover Sport taqdim etildi

Britaniyaning Land Rover kompaniyasi tez orada to‘liq elektrlashtirilgan Range Rover Sport modeli paydo bo‘lishini tasdiqladi. Model prototipi Gudvuddagi yopiq namoyishda ko‘rsatildi.

Foto: Jaguar Land Rover

Kompaniyaning va’da berishicha, yangi versiya o‘zining yo‘ltanlamaslik xususiyatlarini saqlab qolgan holda “yanada dinamik va tezroq” bo‘ladi.

Elektr krossover maxsus sinovlar davomida o‘z imkoniyatlarini namoyish etdi: avtomobil samolyot fyuzelajidan chiqib, zinapoyalardan o‘tdi va trassa bo‘ylab harakatlandi. Bu elektromobil o‘zidan oldingi benzinli modellarning yo‘ltanlamaslik qobiliyatini saqlab qolganini yaqqol ko‘rsatdi.

Yangi versiya “unumdor yo‘ltanlamaslar haqidagi tasavvurni butunlay o‘zgartirishi” kutilmoqda, elektr motorining quvvati esa 542 ot kuchini tashkil etadi.

Prototip tashqi ko‘rinishi jihatidan amaldagi 2022 yilgi Range Rover Sport dizaynini saqlab qolgan, ammo boshqacha g‘ildirak disklari va yoritish texnikasi elementlariga ega bo‘lgan. Seriyali versiyaning tashqi ko‘rinishi, ehtimol, o‘zgacha bo‘ladi.

Yangilangan Range Rover Sport dvigatellari qatori o‘zining xilma-xilligini saqlab qoladi: xaridorlar elektr versiyadan tashqari, olti silindrli benzinli va dizelli dvigatellar, gibrid V8 hamda plagin-gibrid modifikatsiyalarni tanlashi mumkin bo‘ladi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid