Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yilning II choragida O‘zbekistonda turar joy ko‘chmas mulki narxlari o‘tgan chorakka nisbatan 1,3 foizga, 2025 yilning mos davriga nisbatan esa 4 foizga oshgan.

Shu davrda kvartiralar narxi bir yilda 5,5 foizga qimmatlashgan. Jumladan, birlamchi bozorda narxlar 7,1 foizga, ikkilamchi bozorda esa 4,2 foizga o‘sgan. Yakka tartibdagi uylar narxi esa o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 2 foizga oshgan.

Hududlar kesimida Toshkent shahrida kvartiralar narxi bir yilda 3,9 foizga, respublikaning boshqa hududlarida esa 7 foizga ko‘tarilgan.

Qo‘mita ma’lum qilishicha, 2026 yilning II choragidan boshlab uy-joy narxlari indekslari gedonik regressiya usuli asosida hisoblanmoqda. Ushbu metodologiya uy-joyning maydoni, joylashuvi, qavati va boshqa xususiyatlarini hisobga olgan holda bozordagi narxlar dinamikasini aniqroq aks ettirish imkonini beradi.