Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Chilonzor tumani bo‘limi hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqarolar A.X. va N.A.ning firibgarlik harakatlariga chek qo‘yildi.
Tergovga qadar tekshiruv materiallariga ko‘ra, gumonlanuvchilar fuqaro A.S.ning ishonchiga kirib, uni 55 ming AQSh dollari evaziga go‘yoki yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali Koreyaga ishga jo‘natishlari hamda u yerda doimiy yashash guvohnomasini olib berishlarini va’da qilgan.
Tezkor tadbir davomida ular kelishilgan mablag‘ning 25 ming AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.











