AQSh Senati 28 iyul kuni kechqurun o‘tkazilgan ovoz berish jarayonida Rossiya va Eronga qarshi yangi sanksiyalar haqidagi qonun loyihasini keyingi bosqichda ko‘rib chiqishga ruxsat berdi. Hujjatni 86 nafar senator qo‘llab-quvvatladi, 12 nafari esa qarshi ovoz berdi. Respublikachilar va demokratlar ovoz berishdan avval qonun loyihasini birgalikda qo‘llab-quvvatlashga kelishib olgan.

Ovoz berish AQShning yaqinda vafot etgan respublikachi senatori Lindsi Grem bilan vidolashuv marosimidan bir necha soat o‘tib bo‘lib o‘tdi. Grem ushbu qonun loyihasining asosiy mualliflaridan biri hisoblanadi. Marosimda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ham ishtirok etdi. U shu kuni Vashingtonda AQSh prezidenti Donald Tramp bilan ham uchrashdi.

Zelenskiy Senatdagi ovoz berish jarayonida ham ishtirok etdi. U Telegram sahifasida ikki partiya senatorlari bilan uchrashib, Ukrainaning havo hujumidan mudofaa tizimlari va boshqa xavfsizlik masalalarini muhokama qilganini ma’lum qildi. Shuningdek, u 86 nafar senatorning qonun loyihasini qo‘llab-quvvatlaganini muhim qadam deb baholab, bu Lindsi Grem rejalarini amalga oshirish yo‘lidagi ilk bosqich ekanini ta’kidladi.

Qonun loyihasiga ko‘ra, AQSh prezidentiga Rossiyadan import qilinadigan tovarlarga 500 foizlik boj joriy etish vakolati beriladi. Shu bilan birga, Rossiya nefti, tabiiy gazi yoki uranini sotib oladigan, yoxud Moskvaga sanksiyalarni chetlab o‘tishda yordam beradigan mamlakatlardan keladigan import mahsulotlariga ham 100 foizlik tarif joriy qilish imkoniyati yaratiladi. Bu vakolatlar prezidentga besh yil muddatga berilishi ko‘zda tutilgan.

Donald Tramp avvalroq 2025 yilda tayyorlangan mazkur qonun loyihasini qo‘llab-quvvatlashdan bosh tortgan edi. U sanksiyalarni kuchaytirish yoki bekor qilish bo‘yicha prezident vakolatlarini kengaytirishni talab qilgan. Lindsi Grem vafotidan so‘ng hamda senatorlar tomonidan hujjatga ayrim o‘zgartishlar kiritilgach, Oq uyning pozitsiyasi o‘zgardi.

Kutilishicha, qonun loyihasi bo‘yicha yakuniy ovoz berish shu hafta oxiriga qadar o‘tkaziladi. Biroq hujjat Senatdan o‘tgan taqdirda ham, AQSh Vakillar palatasi yozgi ta’tilga chiqqanligi sababli u sentyabrdan avval kuchga kirishi kutilmayapti.