Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevni Qirg‘izistonda bo‘lib o‘tadigan yirik xalqaro tadbirlarda ishtirok etish taklifini berdi. U bu haqda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.
«Muhtaram Shavkat Miromonovichni Oltinchi butunjahon ko‘chmanchilar o‘yinlari, joriy yilda bo‘lib o‘tadigan ShHT sammiti hamda 2027 yilda o‘tkaziladigan ikkinchi «Bishkek+25» tog‘ sammitida ishtirok etishga taklif qildim», - dedi Japarov.
Qirg‘iziston prezidenti muzokaralar yakunlaridan qoniqish hosil qilganini bildirdi va O‘zbekiston rahbariga sermahsul davlat tashrifi, o‘zbek-qirg‘iz munosabatlari va ikki mamlakatning mustahkam do‘stligi rivojlanishiga shaxsan e’tibor qaratayotgani uchun minnatdorlik bildirdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston prezidentining mazkur davlat tashrifi natijalari O‘zbekiston va Qirg‘iziston farovonligi, tinchlik, barqarorlik va o‘zaro ishonchning mustahkamlanishiga xizmat qiladi.











