Cho‘lponota shahridagi “Ruh Ordo” madaniyat markazida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov bilan tor doiradagi va rasmiy delegatsiyalar a’zolari ishtirokidagi muzokaralari bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston – Qirg‘iziston har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish va ustuvor yo‘nalishlarda amaliy hamkorlikni kengaytirish istiqbollari atroflicha muhokama qilindi.
Davlat rahbari bugungi kunda O‘zbekiston – Qirg‘iziston munosabatlari har qachongidan ham yuksak darajaga ko‘tarilganini alohida ta’kidladi.
So‘nggi yillarda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi qariyb 10 barobarga oshib, o‘tgan yil yakuni bilan 1,2 milliard dollarga yetdi. 450 ta qo‘shma korxona tashkil etildi, kooperatsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan Taraqqiyot fondi samarali faoliyat yuritmoqda.
Shaharlar o‘rtasida 15 ta aviaqatnov, 5 ta avtobus yo‘nalishi yo‘lga qo‘yilgan.
Bu galgi tashrif arafasida Hukumatlararo komissiya, Ishbilarmonlar kengashi yig‘ilishlari, biznes forum, rektorlar va tahliliy markazlar vakillarining uchrashuvlari, O‘zbekiston madaniyati kunlari hamda qator boshqa tadbirlar muvaffaqiyatli o‘tkazildi.
Muzokaralar davomida tomonlar parlamentlar, hukumatlar, vazirlik, idora va hududlar, ishbilarmon doiralar va ekspertlar darajasidagi faol aloqalarni davom ettirishga kelishib oldilar. Davlatlararo kengash tuzishga qaror qilindi.

Xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar, jumladan, BMT, ShHT, Turkiy davlatlar tashkiloti, Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlarining Maslahat uchrashuvi hamda boshqa ko‘p tomonlama platformalar doirasida yaqin hamkorlikni davom ettirish zarurligi ta’kidlandi.
O‘zaro savdo hajmini 2 milliard dollarga yetkazish vazifasidan kelib chiqib, yaqin fursatda import o‘rnini faol bosish asosida o‘zaro mahsulot yetkazib berish hajmlarini oshirish choralari ko‘riladi. Shuningdek, ikki davlat poytaxtlarida savdo uylari va vakolatxonalari ochiladi.
Ustuvor yo‘nalishlarda sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Bunda energetika, geologiya, muhim minerallar, logistika, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, to‘qimachilik va boshqa sohalarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish ko‘zda tutilmoqda.















