Davlat xavfsizlik xizmati, Bojxona qo‘mitasi hamda ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligida aholi salomatligi xavfsizligini ta’minlash maqsadida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Namangan shahrida yashovchi 2003 yilda tug‘ilgan shaxsning xonadoni ko‘zdan kechirildi.
Tekshiruv jarayonida xonadondagi yashirin omborxonadan xorijda ishlab chiqarilgan, ammo tegishli sifat sertifikatiga ega bo‘lmagan «Ortofen», «Neyroks», «Tirozol», «Siofor» va boshqa jami 28 turdagi 28 928 dona dori vositalari aniqlandi. Ular protsessual tartibda rasmiylashtirilib, olib qo‘yildi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatga noqonuniy yo‘llar bilan olib kirilgan mazkur dori vositalarining umumiy qiymati taxminan 1,4 mlrd so‘mni tashkil etadi.
Hozirda ushbu dori vositalari yuzasidan ekspertiza tayinlangan bo‘lib, surishtiruv ishlari davom etmoqda.
DXX fuqarolardan shunday qonunbuzilish holatlari haqida 1520 qisqa raqami orqali xabar berishni so‘rab, murojaat qiluvchilarning shaxsi sir saqlanishini kafolatlashini ma’lum qildi.











