Bu haqda prezidentga alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarni ta’lim va ijtimoiy xizmatlar bilan qamrab olish, muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan hamda odam savdosidan jabrlangan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, imtiyozli transport xizmatlarini raqamlashtirishga qaratilgan takliflar taqdimotida so‘z bordi.
Ma’lum qilinishicha, ko‘zi ojiz pedagoglarga, shuningdek, maxsus maktablarning boshlang‘ich sinflariga shaxsiy assistent va yordamchi xodimlar ajratiladi.

Nogironligi bo‘lgan bolalarning uyiga yaqin joyda ta’lim olishiga sharoit yaratish maqsadida korreksion sinflar tashkil etgan nodavlat maktablarga har bir o‘quvchi uchun subsidiya ajratiladi. Har yili kamida 50 ta maktabning inklyuziv muhitni yaxshilashga qaratilgan tashabbuslari grant asosida moliyalashtiriladi.
2027-yildan bolalarni matnni o‘qish qurilmalari, ovoz sintezatorlari, Brayl displeylari va boshqa assistiv jihozlar bilan vaucher asosida ta’minlash taklif etildi. 2027/2028 o‘quv yilidan esa nogironligi bo‘lgan shaxslarga kirish va sertifikat imtihonlarida qo‘shimcha vaqt, Brayl alifbosi, surdotarjimon, assistent va boshqa zarur sharoitlar yaratiladi.











