Milliy statistika qo‘mitasi har oy yakunida hududlardagi 1 kg palov tayyorlash uchun kerak bo‘ladigan masalliqlar qiymatining o‘rtacha narxlarini e’lon qilib boradi. Kun.uz ushbu ma’lumotlar asosida o‘zbekistonliklarning asosiy iste’molidagi milliy taomi bo‘lgan palov tayyorlash narxlarining o‘zgarishini o‘rgandi.

Iyul oyi yakunlariga ko‘ra, Toshkent shahrida 1 kg palov tayyorlash uchun 128 730 so‘mlik bozorlik qilish kerak. Farg‘onada ham masalliqlar qiymati boshqa hududlarga nisbatan qimmatroq: 125 283 so‘m.

Qoraqalpog‘istonda esa 1 kilo osh damlash eng arzon – 107 396 so‘mga tushadi.

Bu narxlar 8 ta mahsulotni o‘z ichiga oladi: 0,7 kg mol go‘shti, 1 kg lazer guruch, 0,3 l kungaboqar yog‘i, 1 kg sabzi, 300 g piyoz, 100 g no‘xat, 10 g zira va 20 g osh tuzi.

2025-yilning iyul oyidan 2026-yilning iyul oyigacha palov indeksi quyidagicha o‘zgargan:

Statistika qo‘mitasi ma’lumotlari asosida Kun.uz hisob-kitoblari

Ma’lum bo‘lishicha, 2025-yilning iyul oyidan 2026-yilning iyul oyigacha osh uchun masalliqlar narxi Xorazm va Andijon viloyatlarida 10 foizdan ko‘proqqa, Buxoro viloyati va Toshkent shahrida esa 9 foizdan ko‘proqqa ko‘tarilgan.

Samarqand, Toshkent, Sirdaryo, Qashqadaryo va Jizzax da “palov inflatsiyasi” 7 foizni tashkil etgan.

Ma’lumot uchun, Statistika qo‘mitasi 2026-yil iyul oyi yakunlari bo‘yicha O‘zbekistondagi inflyatsiya darajasini 6,4 foiz deb e’lon qildi. Xususan, yillik nisbatda oziq-ovqat mahsulotlarining oshishi ham 6,4 foizni tashkil qilgan. E’tiborli jihati, deyarli barcha hududlarda palov narxining oshishi rasmiy oziq-ovqat mahsulotlari inflyatsiyasidan yuqori bo‘lgan.