Zaporijjya viloyati harbiy ma’muriyati rahbari Ivan Fedorovning Telegram orqali xabar berishicha, zarbalar viloyat markazidagi sanoat ob’yektlari va infratuzilmaga ham tekkan. Shuningdek, turar joylar, noturar binolar hamda garaj kooperativi zarar ko‘rgan.
Hujumdan keyin shaharning ayrim hududlarida elektr ta’minoti uzilgan va yong‘inlar kelib chiqqan. Fedorov e’lon qilgan videolarda olov ichida qolgan binolar va avtomobillarni ko‘rish mumkin.
Ayni kechada Kiyevda ham bir necha bor havo trevogasi e’lon qilingan. Ukraina rasmiylari buni Rossiya tomonidan ballistik qurol qo‘llanishi ehtimoli bilan izohlagan. Kiyev shahar harbiy ma’muriyati ma’lumotiga ko‘ra, mahalliy vaqt bilan soat 01:20 holatida poytaxtda bir kishi jabrlangani ma’lum bo‘lgan.
Kiyev meri Vitaliy Klichkoning bildirishicha, tibbiyot xodimlari brigadasi Shevchenko tumaniga yo‘l olgan.
Poltava viloyatida esa Rossiya qo‘shinlariga tegishli deb ko‘rsatilgan uchuvchisiz uchish apparati parchalari ko‘p qavatli uy tomiga tushgan. Poltava viloyati davlat ma’muriyati rahbari Vitaliy Dyakivnichning ma’lum qilishicha, ushbu hodisa oqibatida jabrlanganlar haqida murojaatlar kelib tushmagan.
Zaporijjyaga hujumlar bir kun avval ham amalga oshirilgan edi. 10-avgust kuni kunduzi Rossiya armiyasi shaharga boshqariladigan aviabombalar bilan zarba bergan, keyinroq esa hududga dronlar orqali hujumlar davom etgan. Ukraina tomoni ma’lumotlariga ko‘ra, o‘sha hujumlar oqibatida kamida 26 nafar mahalliy aholi vakili yaralangan.











