Rossiya qo‘shinlari 10-avgust, dushanba kuni kunduzi Zaporijjya shahriga yangi havo zarbalarini berdi. Ukraina Ichki ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, hujum oqibatida jabrlanganlar soni kamida 26 nafarga yetgan.

«Zaporijjyada Rossiya havo zarbalari oqibatida jabrlanganlar soni oshdi. Hozirgi vaqtda 26 kishi jabrlangani ma’lum», - deyiladi Ukraina IIVning mahalliy vaqt bilan soat 16:15 da e’lon qilingan xabarida.

Ma’lum qilinishicha, jabrlanganlar orasida uch nafar bola, 14 nafar ayol va to‘qqiz nafar erkak bor.

Zaporijjya viloyati prokuraturasi hamda viloyat harbiy ma’muriyati rahbari Ivan Fedorov avvalroq shaharga boshqariladigan aviabombalar bilan zarba berilganini ma’lum qilgan edi.

Fedorovning bildirishicha, hujumdan keyin tibbiy yordam so‘rab murojaat qilayotgan shahar aholisi soni ortib borgan. Zarba oqibatida yetkazilgan zarar va vayronagarchiliklar ko‘lamiga oid ma’lumotlar aniqlashtirilmoqda.

Mahalliy vaqt bilan soat 17:30 da Fedorov Zaporijjya shahri va viloyatiga hujumkor uchuvchisiz uchish apparatlari bilan yangi hujum xavfi paydo bo‘lganini ham ma’lum qildi.

Shu kuni Xarkiv viloyatida ham qurbonlar qayd etildi. Ukraina rasmiylariga ko‘ra, Chuguyev tumanidagi Bugayevka qishlog‘ining artilleriyadan o‘qqa tutilishi oqibatida turar joy vayron bo‘lib, besh kishi halok bo‘lgan.

Xarkiv viloyati harbiy ma’muriyati rahbari Oleg Sinegubov ma’lumotiga ko‘ra, bir sutka davomida viloyatning 24 ta aholi punkti Rossiya zarbalariga uchragan. Hujumlar oqibatida to‘qqiz kishi jarohatlangan.

Shuningdek, fermer xo‘jaliklari, korxonalar, do‘konlar, xususiy va ko‘p qavatli uylar, don omborlari hamda ma’muriy binolar kabi fuqarolik infratuzilmasi ob’yektlari shikastlangan yoki vayron bo‘lgan.

10-avgustga o‘tar kechasi Sumi shahri ham boshqariladigan aviabombalar bilan hujumga uchragan. Sumi viloyati davlat ma’muriyati rahbari Oleg Grigorovning ma’lum qilishicha, fuqarolik infratuzilmasiga besh marta zarba berilgan va oqibatda kamida 14 kishi jarohatlangan.

Ukraina Harbiy-havo kuchlari ma’lumotiga ko‘ra, 10-avgustga o‘tar kechasi Rossiya Ukrainaga X-59/69 rusumli boshqariladigan aviatsiya raketasi, uchta «Banderol» barrajlovchi o‘q-dorisi hamda 126 ta Shahed, «Gerbera» turidagi hujumkor va nishonni chalg‘ituvchi dronlar bilan hujum qilgan.

Ukraina tomoni 92 ta dron va uchta barrajlovchi o‘q-dorini urib tushirgan yoki radioelektron vositalar yordamida bostirganini ma’lum qildi.

Shu bilan birga, 22 ta joyda 31 ta hujumkor dron nishonga tekkani, yana ikki hududga dron parchalari qulab tushgani qayd etilgan. Ukraina Harbiy-havo kuchlarining bildirishicha, Rossiya tomonidan uchirilgan aviatsiya raketasi ko‘rilgan qarshi choralar natijasida o‘z nishoniga yetib bormagan.