AQSh Qurolli kuchlari Markaziy qo‘mondonligi - CENTCOM 11-avgust kuni Panama bayrog‘i ostida suzayotgan yuk kemasiga zarba berilganini ma’lum qildi.

Amerikan tomonining bildirishicha, M/V Vela Nova konteynerovozi shu kuni Ummon ko‘rfazi orqali nomi oshkor qilinmagan Eron portiga yo‘l olib, AQSh tomonidan o‘rnatilgan dengiz blokadasini buzishga uringan.

CENTCOM bayonotiga ko‘ra, kema ekipaji AQSh kuchlarining bir necha bor berilgan ogohlantirishlariga javob bermagan. Shundan so‘ng AQSh Harbiy-dengiz kuchlarining MH-60 vertolyoti Vela Nova kemasining mashina bo‘limi tomon ikkita Hellfire raketasini uchirgan.

Zarba oqibatida kemaning rul boshqaruvi ishdan chiqqan. Shu bilan birga, xabarda ekipaj a’zolari orasida jabrlanganlar bor-yo‘qligi haqida ma’lumot keltirilmagan.

AQSh harbiylarining ma’lum qilishicha, 11-avgust holatiga ko‘ra, CENTCOM Eron blokadasini buzib o‘tishga uringan 55 ta tijorat kemasini boshqa yo‘nalishga burgan. Bundan tashqari, blokadani buzgan uchta kema harakatdan chiqarilgan, yana ikkita kemaga AQSh harbiylari chiqib, nazoratni qo‘lga olgan.

VesselFinder kemalar harakatini kuzatish xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, Vela Nova konteynerovozining joylashuvi haqidagi so‘nggi ma’lumot 6-avgust kuni qayd etilgan. O‘sha vaqtda kema Hindistonning Nava-Sheva portida bo‘lgan.

Tramp Ho‘rmuz bo‘g‘ozi AQSh nazoratida ekanini aytdi

AQSh prezidenti Donald Tramp esa Vashington hozirda Ho‘rmuz bo‘g‘ozini to‘liq nazorat qilayotganini ma’lum qildi.

U jurnalistlarga Eron bilan bog‘liq vaziyat Vashington uchun yaxshi ketayotganini aytib, “Biz Ho‘rmuz bo‘g‘ozini to‘liq nazorat qilyapmiz”, deya ta’kidlagan.

Shu bilan birga, Tramp Tehronga ishonmasligini bildirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, agar Eron tomoni biror harakat amalga oshirsa, unga zarba beriladi.

Ho‘rmuz bo‘g‘ozi Fors ko‘rfazini Ummon ko‘rfazi va Arab dengizi bilan bog‘laydigan strategik dengiz yo‘lagi hisoblanadi. U orqali xalqaro neft va gaz tashuvlarining salmoqli qismi amalga oshiriladi. Shu sababli bu hududdagi har qanday harbiy keskinlik xalqaro dengiz qatnovi va energetika bozorlariga ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Bundan bir necha kun oldin Eron rasmiylari Ho‘rmuz bo‘g‘ozini kemalar harakati uchun ochish masalasida AQShga yangi shartlarni ilgari surgan edi. Ular orasida urush oqibatlari uchun tovon puli to‘lash hamda Eronga qarshi sanksiyalarni bekor qilish talabi bor.

AQSh tomoni esa Eronga nisbatan dengiz blokadasini davom ettirmoqda. Vela Nova bilan bog‘liq voqea Vashington blokadani ta’minlash uchun tijorat kemalariga nisbatan ham harbiy kuch ishlatishga tayyor ekanini ko‘rsatuvchi navbatdagi holat bo‘ldi.