AQSh davlat departamenti 175 ming kishining vizalari bekor qilinganini e’lon qildi. Ma’lum bo‘lishicha, Charli Kirk o‘limidan xursand bo‘lganlar, tug‘uruq ortidan fuqarolikka intilganlar, jinsiy zo‘ravonlar hamda giyohvandlar vizasi bekor qilib yuborilgan. Bundan tashqari, deportatsiyasi kutilayotgan odamlar ham ogohlantirildi.
Davlat departamentining matbuotga ma’lum qilishicha, viza shartlarini buzgan, jinoyat sodir etgan, AQSh fuqarolariga nisbatan zo‘ravonlikni targ‘ib qilgan, amerikaliklarni aldagan, immigratsiya tizimini suiiste’mol qilgan yoki milliy xavfsizlikka tahdid tug‘dirgan 175 mingdan ortiq xorijlikning vizasi bekor qilib yuborilgan.
Bekor qilingan vizalarning aksariyati huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan bog‘liq holatlar tufayli qaytarib olingan. Bunda tan jarohati yetkazish, mast holda avtomobil boshqarish, o‘g‘rilik va giyohvandlik bilan bog‘liq jinoyatlar asosiy sabablar bo‘lgan. Shuningdek, ehtiyotsiz va xavfli haydash, jinsiy zo‘ravonlik, bolalarga nisbatan zo‘ravonlik, firibgarlik, mablag‘larni o‘zlashtirish va boshqa turdagi jinoyatlar uchun ham ko‘plab vizalar bekor qilingan.
Davlat departamentiga ko‘ra, bu qarorlar doimiy tekshiruv va monitoring ishlari natijasida qabul qilingan. Mazkur tizim viza egalari AQSh qonunlari va viza shartlariga rioya qilayotganini nazorat qilishga qaratilgan. Quyidagi holatlarda ham vizalar bekor qilingan:
- Ruhiy nogironligi bo‘lgan shaxsni ham o‘z ichiga olgan zo‘rlash va jinsiy tajovuz ayblovlari bilan javobgarlikka tortilgan xorijlik;
- Odam o‘g‘irlash, odam savdosi va voyaga yetmagan shaxsni jinsiy ekspluatatsiya qilishda ayblangan xorijlik;
- Jamoat tartibini buzish, politsiyaga zo‘ravonlik bilan qarshilik ko‘rsatish, mast holda avtomobil boshqarish va oilaviy zo‘ravonlik uchun qo‘lga olingan xorijlik;
- Shimoliy Afrikadagi AQSh elchixonalaridan biri AQSh hududida farzand tug‘ib, bolaga Amerika fuqaroligini olish maqsadida kelgan 100 dan ortiq “tug‘uruq turizmi” ishtirokchilarining vizalarini bekor qilgan;
- Bolaga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik va og‘ir jinsiy jinoyatlarda ayblangan xorijlik;
- Bolalar ishtirokidagi jinsiy ekspluatatsiya materiallarini saqlash bo‘yicha o‘ndan ortiq ayblov qo‘yilgan xorijlik;
- Mashinasida geroin topilgan va qondagi alkogol miqdori ruxsat etilgan me’yordan uch baravar yuqori bo‘lgan holda ushlangan xorijlik;














