Prezident Shavkat Mirziyoyev “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi to‘g‘risida”gi konstitutsiyaviy qonunni imzoladi.
Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadovning izohlashicha, Administratsiya – Prezident faoliyati va Konstitutsiyaviy vakolatlarini tashkiliy, huquqiy va tahliliy jihatdan ta’minlovchi yagona konstitutsiyaviy institut hisoblansa-da, davlat organlari bilan munosabatlarda uning faoliyatini qonun bilan tartibga solish bo‘yicha huquqiy bo‘shliq mavjud edi. Endilikda yangi qonun bilan ushbu masalalar tartibga solindi.
Qayd etilishicha, Prezidentning farmon, qaror, farmoyish va topshiriqlari ijrosini tashkil etishda Administratsiyaning amaldagi vakolatlari doirasidagi faoliyati qonun bilan tartibga solinishi Prezidentlik institutining huquqiy asoslarini kuchaytiradi. Xalqaro amaliyotda Prezident faoliyatini ta’minlovchi institutning huquqiy maqomi qonun darajasida belgilanishi Prezidentlik boshqaruvining institutsional standarti hisoblanadi.
Qonun 4 ta bob va 34 ta moddadan iborat bo‘lib, Administratsiyaning amaldagi vakolatlari doirasida Prezident faoliyatini ta’minlashning konstitutsiyaviy mexanizmlari qonunda huquqiy jihatdan rasmiylashtirildi. Xususan:
- Administratsiya O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining vakolatlari amalga oshirilishini tashkiliy, huquqiy, tahliliy jihatdan ta’minlaydigan davlat organi sifatida belgilandi;
- Administratsiyani Prezident shakllantiradi, Prezident belgilagan asosiy yo‘nalishlarda faoliyat yuritadi, Prezidentga bo‘ysunadi va hisobdor bo‘ladi.
Administratsiyaning asosiy vazifalari belgilandi:
- O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining konstitutsiyaviy vakolatlarini amalga oshirilishini tashkiliy, huquqiy va tahliliy ta’minlash;
- Prezidentning farmon, qaror va farmoyishlari loyihalarini hamda topshiriqlarini tayyorlash, ularning ijrosini tashkil etish, nazoratini olib borish hamda ularni amalga oshirishga ko‘maklashish;
- Prezidentning mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy rivojlantirishga oid yangi tashabbuslarini ishlab chiqish;







