Saudiya Arabistonida Jeddah Tower osmono‘par binosini qurish ishlari davom etmoqda. Kingdom Holding Company ma’lumotiga ko‘ra, bino 110 qavatga yetib, qurilishning navbatdagi muhim bosqichidan o‘tdi.

Kompaniyaning ikkinchi chorak moliyaviy natijalari bo‘yicha hisobotida qayd etilishicha, hozirga qadar 300 ming kub metrdan ortiq beton quyilgan. Bu loyihada ko‘zda tutilgan umumiy beton hajmining qariyb 67 foiziga teng.

Bino fasadini o‘rnatish ishlari ham davom etmoqda. Hozirgacha 3 mingdan ortiq fasad paneli o‘rnatilgan bo‘lib, bu umumiy qoplama ishlarining taxminan 11 foizini tashkil etadi.

Shu bilan birga, binoda elektr va suv ta’minoti, ventilyatsiya hamda boshqa muhandislik-kommunikatsiya tizimlarini o‘rnatish ishlari olib borilmoqda.

Ayni paytda Jeddah Tower qurilish maydonida qariyb 6,4 ming kishi mehnat qilmoqda. Loyiha amalga oshirila boshlanganidan buyon 16 milliondan ortiq kishi-soat ish bajarilgan. Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, shu vaqt davomida ish vaqti yo‘qotilishiga olib kelgan hodisalar va o‘lim bilan bog‘liq baxtsiz hodisalar qayd etilmagan.

Rejaga ko‘ra, 2026-yil oxiriga qadar Jeddah Tower 130 qavatga yetishi mumkin. Bu holda u qavatlar soni bo‘yicha Burj Xalifadan tashqari dunyodagi barcha osmono‘par binolardan o‘zib ketishi kutilmoqda.

Jeddah Tower qurilishini 2028-yilda yakunlash rejalashtirilgan. Loyiha to‘liq amalga oshirilgach, inshootning balandligi bir kilometrdan oshishi va u dunyodagi eng baland bino maqomini qo‘lga kiritishi kutilmoqda.