Eron va AQSh o‘zaro anglashuv memorandumida ko‘zda tutilgan 60 kunlik sulhni uzaytirishga rozi bo‘ldi, deb xabar berdi 17-avgust kuni Al Arabiya telekanali o‘z manbalariga tayanib.

Avvalroq Al Jazeera telekanali tomonlarning birortasi ham 17-avgust kuni muddati tugaydigan, AQSh va Eron o‘rtasidagi jangovar harakatlarni to‘xtatishga qaratilgan anglashuv memorandumini uzaytirishga tayyor ekani alomatlari kuzatilmayotganini xabar qilgan edi.

«Biz hozircha AQSh bilan muzokaralarni qayta boshlash haqida qaror qabul qilmadik», - deya ma’lum qilgan edi Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi.

Al Jazeera xabariga ko‘ra, 17-iyun kuni AQSh va Eron prezidentlari Donald Tramp va Mas’ud Pizishkiyon tomonidan imzolangan kelishuv Pokiston vositachiligidagi muzokaralardan so‘ng erishilgan. U minglab odamlarning hayotiga zomin bo‘lgan va Fors ko‘rfazidagi tijorat faoliyatini, xususan, neft va gaz eksportini izdan chiqargan uch oydan ziyod davom etgan urushga chek qo‘yishi kerak edi.

Memorandumda Eron va AQSh «harbiy harakatlarni zudlik bilan to‘xtatishi» hamda «barcha jabhalarda jangovar harakatlarning to‘liq to‘xtatilishi yakuniy kelishuvni tasdiqlashi» aytilgan edi.

Hujjatda qayd etilishicha, yakuniy kelishuv BMT Xavfsizlik Kengashi tomonidan ma’qullanishi va ko‘pi bilan 60 kun ichida tuzilishi kerak, bunda ushbu muddat o‘zaro kelishuvga binoan uzaytirilishi mumkin.

Eron TIV rasmiy vakili Ismoil Baqoiy 17-avgust kuni Vashingtonning qoidabuzarliklari tufayli memorandum endi o‘z kuchini yo‘qotganini ma’lum qildi.

«AQSh anglashuv memorandumini boshidanoq buzib kelgan», - deb Baqoiyning brifingdagi so‘zlaridan iqtibos keltiradi Mehr agentligi.

Diplomatning so‘zlariga ko‘ra, anglashuv memorandumi matnida «60 kunlik muddatni belgilovchi band bo‘lmagan». Uning tushuntirishicha, hujjatda faqat 60 kun davomida yadroviy mavzuda muzokaralar o‘tkazish ko‘zda tutilgan xolos.

U Eron biror bir muddat majburiyati ostida emas, balki o‘z milliy manfaatlari va mulohazalaridan kelib chiqib qaror qabul qilishini ta’kidladi.