O‘zbekistonda ikkinchi AES qurishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda, deb e’lon qildi prezident Shavkat Mirziyoyev. «Urganch - Xiva» pulli yo‘lining narxi ma’lum bo‘ldi. Abituriyentlarga oltinchi yo‘nalishni tanlash imkoniyati beriladi. Maktab, litsey, texnikum va oliy ta’limda yangi o‘quv yilining boshlanish sanasi e’lon qilindi. Xodimlarni haqorat qilgan Nurafshon yoshlar bo‘limi boshlig‘i ishdan olindi. Kunning muhim yangiliklari bilan tanishtiramiz.

O‘zbekistonda ikkinchi AES qurishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda

O‘zbekistonda ikkinchi atom elektr stansiyasi (AES) loyihasi bo‘yicha tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev 17-avgust kuni Xorazm viloyatiga tashrifi davomida aytdi.

«Jonajon vatanimizning 35 yilligida o‘zingiz ko‘ryapsiz qanday-qanday islohotlar amalga oshiryapmiz, qanday loyihalar amalga oshiryapmiz. Jizzaxda atom elektr stansiyasi qurilayotganini bilasiz. Biz tasavvur qilganmizmi, qachonlardir bu atom elektr stansiyasi O‘zbekistonda bo‘ladi deb. Men sizlarga bugun bir sirni aytmoqchiman. Yaqinda ikkinchi stansiya bo‘yicha ham katta tayyorgarlik qilyapmiz», dedi prezident.

Hozircha ikkinchi AES qurilishi rejalashtirilgan joy, uning quvvati va loyihani amalga oshirish muddati haqida ma’lumot berilmadi.

O‘zbekistonda birinchi AES qurilishi bo‘yicha Jizzax viloyatida dastlabki ishlar mart oyida boshlandi. 5-iyun kuni AES poydevorini qurishga start berildi. AES to‘liq ishga tushsa, yiliga 15 milliard kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqarishi aytilmoqda.

«Urganch - Xiva» pulli yo‘lining narxi ma’lum bo‘ldi

Spot nashri ma’lumotlariga ko‘ra, M1 toifadagi yengil avtomobillar uchun ushbu pulli yo‘lda Xivadan Urganchgacha va orqaga to‘liq yo‘nalish bo‘yicha harakatlanish haqi 25 ming so‘mni tashkil qiladi. Shuningdek, uzunligi 28 km bo‘lgan qisqa yo‘nalish - Turkmanli mahallasidan Xivagacha bo‘lgan yo‘l orqali harakatlanish narxi esa 20 ming so‘mni tashkil qiladi.

Yuk avtomobillari uchun to‘liq yo‘nalish narxi 40 ming so‘m, qisqa yo‘nalish esa 25 ming so‘m etib belgilangan.

Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, hozirda Urganch-Xiva pulli avtomobil yo‘lidan foydalanish uchun to‘lov sayti sinov rejimida ishlamoqda. Yo‘l haqi to‘lash tizimi 25-avgustdan to‘liq ishga tushadi.

Abituriyentlarga oltinchi yo‘nalishni tanlash imkoniyati beriladi

2026/2027-o‘quv yilidan abituriyentlarga oltinchi ta’lim yo‘nalishini tanlash imkoniyati beriladi. Shu vaqtgacha beshta yo‘nalish tanlangan edi.

Bu imkoniyat bakalavriat uchun asosiy tanlovda talabalikka tavsiya etilmagan abituriyentlarga beriladi. Bunda abituriyentning testda to‘plagan balli, fanlar majmuasi va mavjud vakant o‘rinlar inobatga olinadi.

Oliy ta’lim vaziri o‘rinbosari Sardor Rajabovga ko‘ra, yangi tartib avgustning so‘nggi ish haftasida joriy etiladi.

«Oltinchi yo‘nalishda qayerda vakant o‘rin qolgan bo‘lsa va bu yo‘nalish abituriyentning fanlar majmuasiga mos kelsa, uni tanlash imkoniyati ochib beriladi. Buni keyingi haftaga rejalashtiryapmiz», dedi u.

Xodimlarni haqorat qilgan Nurafshon yoshlar bo‘limi boshlig‘i ishdan olindi

Yoshlar ishlari agentligi Nurafshon shahar bo‘limi boshlig‘i Mirkarim Ahmadjonov 19-avgust kuni o‘tkazilgan majlisda xodimlar va yoshlar yetakchilarini so‘kkani ma’lum bo‘ldi. Haqoratlar yangragan auditoriyada ayollar ham bo‘lgan. Majlisda yozib olingan audio Kun.uz ixtiyoriga kelib tushdi.

Toshkent viloyat hokimligi vakili biz bilan suhbatda audiodagi ovoz Yoshlar ishlari agentligi Nurafshon shahar bo‘limi boshlig‘i Mirkarim Ahmadjonovga tegishli ekanini tasdiqladi.

Yoshlar ishlari agentligi Kun.uz so‘roviga javoban audioyozuv yuzasidan o‘rganish boshlanganini ma’lum qildi. Ko‘p o‘tmay, Ahmadjonov ishdan olingani ma’lum qilindi.

Yangi o‘quv yilining boshlanish sanasi e’lon qildi

Maktablarda 2026/27 o‘quv yili 2 sentyabr, chorshanbadan boshlanadi. Joriy yilda birinchi sinfga qabul qilinadigan 795 mingdan ortiq o‘quvchiga 12 nomdagi o‘quv qurollaridan iborat «Prezident sovg‘asi» beriladi.

Akademik litsey va texnikumlarda ham o‘quv jarayoni 2 sentyabrdan boshlanadi.

Oliy ta’lim tashkilotlarida 1-kurs talabalari uchun 7 sentyabrdan boshlab, 2-kurs va undan yuqori kurs talabalari uchun 14 sentyabrdan boshlab o‘quv jarayoni tashkil etiladi.