Yengil atletika boʻyicha Oʻzbekiston jamoasi aʼzosi Suhrob Xoʻjayev Osiyo oʻyinlari chempionligiga erishdi.
Bosqon uloqtirish bahslarida ishtirok etgan ushbu sportchi 74.38 metr natija bilan oltin medalga ega chiqdi.
Oʻz navbatida, sportning ushbu turida bahslarda qatnashgan boshqa bir oʻzbekistonlik Ayubxon Fayozov 69.25 metr natija bilan yettinchi oʻrinni egalladi.
Qayd etish kerakki, Xoʻjayev bu natijaga uchinchi urinishda erishdi. Bungacha u 2-marta – 2018-yil Jakartada oʻtkazilgan turnirda hamda 2023-yil Hangchjou mezbonligidagi Osiyo oʻyinlarida bronza medal bilan kifoyalangandi.
Kun davomida Oʻzbekiston delegatsiyasi vakillari 3 ta kumush va bitta bronza medal ham qoʻlga kiritgandi.
Shundan uchta kumush Baydarka va kanoeda eshkak eshish jamoasi tomonidan qoʻlga kiritildi.
Yekaterina Shubina, Arina Tanatmisheva, Milana Dushev-Yanich va Shahrizoda Mavlonova (baydarka, K4 500 metr)
Vladlen Denisov (kanoe, C1 500 metr)
Shohsanam Sherzodova va Nilufar Zokirova (kanoe, C2 500 metr)
Shuningdek, sport gimnastikasi boʻyicha Oʻzbekiston jamoasi aʼzosi Rasuljon Abdurahimov delegatsiyamizga navbatdagi bronza medalini taqdim qildi. Qoʻshpoyadagi mashqda chiqish qilgan Abdurahimov 14.433 ball bilan uchinchi oʻrinni egalladi.
Erkin mashq dasturida qatnashgan Dildora Aripovaga esa medal uchun biroz yetmay qoldi – 13.200 ball bilan toʻrtinchi boʻldi (uchinchi oʻrindagi xitoylik Yihan Jangning natijasi 13.566).
Shu tariqa, Oʻzbekiston oʻz hisobidagi oltin medallar sonini 7 taga yetkazdi (15 ta kumush va 9 ta bronza) va umumiy reytingdagi beshinchi oʻrinni mustahkamladi. Endi toʻrtinchi oʻrindagi Qozogʻiston bilan orani bitta oltin ajratib turibdi.


















