Bosh prokuratura tomonidan mutasaddi idoralar bilan birgalikda O‘zbekiston Suzish federatsiyasida sohaga ajratilgan mablag‘larning maqsadli ishlatilishi o‘rganildi.

Mahkama xabariga ko‘ra, o‘rganish davomida federatsiya mansabdor shaxslari va boshqalar mansab vakolatlarini suiiste’mol qilib, juda ko‘p miqdorda jamiyat manfaatiga zarar yetkazgani aniqlangan.

Qayd etilishicha, terma jamoa hamda uning zaxirasi tarkibiga kiritilmagan fuqaro Rossiyaning Volgograd shahrida o‘tkazilgan xalqaro yig‘inga yuborilib, 72 mln so‘m budjet mablag‘lari asossiz ishlatilgan.

2021 yilning oktabr-dekabr oylarida jami 287 nafar sportchi “D” MChJga qarashli mehmonxona xizmatidan foydalanmagan bo‘lsa-da, foydalanganlik haqida elektron hisob-fakturalarga soxta yozuvlar kiritgan holda 1 mlrd so‘mlik pul mablag‘i talon-toroj qilingan.

Ma’lum qilinishicha, mazkur holatlar bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hozirgi vaqtda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

  • Eslatib o‘tamiz, shu oyda voleybol va karate federatsiyalari tizimidagi korrupsiya holatlari bo‘yicha ham jinoyat ishlari ochildi.