AQSH davlat kotibi Marko Rubio Oq uy Space X kompaniyasining sunʼiy yoʻldosh internetini Ukraina harbiylari uchun cheklash toʻgʻrisida farmoyish bermaganini maʼlum qildi. Uning soʻzlari Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning internet-terminallar hali ham yuqori tezlikda harakatlanadigan qurilmalarda ishlay olmasligini aytgan daʼvolariga zid keladi.

Soʻnggi hafta davomida Ukraina rasmiylari va harbiylari Ukraina qurolli kuchlari dronlarga oʻrnatilgan sunʼiy yoʻldosh internet terminallaridan foydalanish imkoniyatini yoʻqotganini aytib kelmoqda.

Ukrainadagi Space X servislari bilan bogʻliq muammolar oʻtgan hafta oxirida, Kiyev va Vashington oʻrtasidagi munosabatlar keskin sovishi fonida maʼlum boʻlgandi. Oʻshanda prezident Donald Tramp Zelenskiyni Rossiyadagi neftni qayta ishlash zavodlariga zarba bergani uchun tanqid qilgan va Vladimir Putin bilan jahon bozoriga bir necha partiya dizel yoqilgʻisi yetkazib berish boʻyicha kelishib olgandi.

Biroz vaqt oʻtib ukrain harbiylari jurnalistlarga qurilmalarning tezligi boʻyicha cheklovlar yoʻqola boshlaganini, biroq xizmat toʻliq tiklanmaganini maʼlum qilishdi.

Shanba kuni esa Zelenskiy jurnalistlar savollariga javob berarkan, hozirda Starlink terminallari ishlashda davom etayotgan maksimal tezlik soatiga 161 kilometrni tashkil etishini aytdi. «Men koʻrgan va eshitgan hisobotlarga koʻra, shundan soʻng Starlink butunlay oʻchib qoladi va biz dronni yoʻqotamiz», – dedi Zelenskiy.

U bunday cheklovlar tufayli Ukraina harbiylari pozitsiyalardagi jangchilarga oziq-ovqat va suv yetkazib berish imkoniyatini yoʻqotganini qoʻshimcha qilgan. «Bu harbiylar yoki texnika oʻta olmaydigan joylarda, dushman dronlari nazorati tufayli izolyatsiya yuzaga kelgan joylarda juda muhim», – degan Zelenskiy.

Cheklovlar haqida AQShdagilar nimalar demoqda?

Hafta davomida AQSH rasmiylari Ukraina harbiylari uchun sunʼiy yoʻldosh interneti cheklanganini bir necha bor rad etdi.

«Bu kim boʻlishi mumkinligini umuman bilmayman, chunki bu men emas edim va Ilon boʻlgan deb ham oʻylamayman. Tushunishimcha, hammasi avvalgidek», – dedi Tramp 16-oktabr kuni jurnalistlarning cheklovlar sabablari haqidagi savoliga javoban.

Zelenskiyning sunʼiy yoʻldosh interneti bilan jihozlangan qurilmalarning maksimal tezligi pasaytirilgani haqidagi bayonotlariga AQSH davlat kotibi ham munosabat bildirdi.