Toshkent shahrida koʻplab tadbirkorlarning noroziligini uygʻotgan peshlavha muammosi yuzasidan qonunchilikka oʻzgartirish kiritildi. Bu haqda Raqobat qoʻmitasi xabar berdi.
Vazirlar Mahkamasining 13-oktabrdagi qaroriga asosan, bundan buyon tadbirkorlik subyekti oʻzi egallab turgan bino yoki inshootning tashqi tomonida (kirish joyida) joylashtirgan nomi va faoliyat turi (ixtisosligi) toʻgʻrisidagi axborot (peshlavha) shu jumladan, firma nomi, tovar yoki xizmat koʻrsatish belgisi, tashqi reklama obyekti hisoblanmaydi hamda ushbu axborot vositasi uchun reklama joyining pasportini rasmiylashtirish talab etilmaydi.
Dizayn-kod toʻsatdan oʻzgarmaydi
Qarorda belgilanishicha, dizayn-kod boʻyicha qarorlar faqat jamoatchilik muhokamasidan, jumladan, regulation.gov.uz portalidan oʻtgandan keyin qabul qilinadi. Ular eʼlon qilingandan 3 oy oʻtib kuchga kiradi.
Dizayn-kodni joriy etishda roʻyxatdan oʻtgan tovar belgisidan foydalanish imkoniyati saqlanishi shart.
Toshkent shahrining dizayn-kodi 10-dekabrgacha tadbirkorlar va OAV ishtirokida muhokama qilinadi.
Tashqi reklama obyektlarini buzish
Hujjatda majburiy demontaj ishlarining aniq tartibi belgilandi:
demontaj kuni va vaqti haqida 2 kun oldin veb-saytda eʼlon qilinadi, egasiga esa yozma xabar yuboriladi;
demontaj faqat ish kunlari soat 09:00–18:00 oraligʻida amalga oshiriladi;
demontaj vaqtida egasi ishtirokida dalolatnoma tuziladi, unda sana, vaqt, sabab, fotosuratlar va konstruksiya saqlashga yuborilgan manzil koʻrsatiladi;
tadbirkorga oid qarorlar va xabarnomalar uning yuridik manziliga yozma ravishda ham yuboriladi.
Qisqa muddatli reklama
Qisqa muddatli reklama uchun aniq muddatlar ham belgilandi: qurilish obyektlarida reklama qurilish tugaguncha turishi mumkin, bayram va tadbirlar uchun esa 30 kungacha.
















