Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov o‘z intervyusida bosma nashrlar joriy formatda uzoq yashay olmasligi, bu butun dunyoda kuzatilayotgan jarayon ekanini ta'kidlab, zamonga moslashish kerakligi haqida fikr bildirdi.

Bosma nashrda faoliyat ko‘rsatayotgan bir qator hamkasblarimiz uning fikrlarini kontekstdan yulib, ayniqsa «men so‘nggi marta qachon gazeta o‘qiganimni eslay olmayman», «televizor ham ko‘rmayman», degan so‘zlarini qalqon qilib, ijtimoiy tarmoqlarda unga qarshi cherik tortishdi.

Tan olaylik, agar Allamjonov shu intervyusini onlayn tarzda emas, biror gazetaga berganida bu rezonansning milliondan biri ham bo‘lmasdi. Hozir gazetalarda chop etilayotgan yuzlab zo‘r intervyulardan bexabar qolayotganimiz singari.

Ha, internet shunaqa narsa. Xalq bilan qayta aloqa, odamlar bilan jonli muloqot bor. «Layk» qo‘yish mumkin! Yoritilayotgan kontent rezonans keltirib chiqaradi. Aynan shu jihati bilan u bosma nashrlardan karrasiga ustun.

Keling, 20 yil gazetachilikda ishlagan inson sifatida umumiy tarzda bosma nashrlarimiz qanday kun kechirayotgani va media maydonda qanday siyosat olib borayotganini tasvirlab bersam.

«Och qornim — tinch qulog‘im»

Xususiy gazetalardan bo‘lak deyarli barcha gazetalar majburiy obuna hisobiga kun ko‘radi. Majburiy obunani uyushtirib berish esa yirik tashkilotlar va tuman hokimliklari zimmasida. Tuman hokimlari respublika gazeta-jurnallaridan tashqari viloyat va tuman nashrining ham obunasi uyushtirib berishadi. Bu — fakt.

Evaziga «sizdan ugina – bizdan bugina» qabilida kelishuv vujudga keladi. O‘sha hokim rahbarlik qilayotgan tumandan yoki o‘sha korxona haqida gazetalarda tanqidiy material chiqmaydi. Tumandan tahririyatga aholidan murojaat tushsa borib o‘rganilmasligi tabiiy. Xalq ham buni juda yaxshi biladi, shuning uchun tahririyatlarga murojaat yo‘llashmaydi.

O‘zim Buxoroda bir murojaatni o‘rganganimda guvoh bo‘lganman: bir otaxon MTRKga ham, Toshkentdagi markaziy gazetalardan biriga ham ariza yo‘llagan. Har ikki tahririyatdan «murojaatingizni bosh prokuraturaga o‘tkazdik», mazmunida javob xatlari kelgan. Aqalli biror jurnalist «nima bo‘lyapti o‘zi», deb qo‘ng‘iroq qilib, qiziqib ham ko‘rmagan. Faqatgina Kun.uz’da yoritilganidan so‘ng masalani Bosh prokuratura o‘z nazoratiga oldi va murojaatchining e'tirozlari haqli bo‘lib chiqdi.