Oʻzbekistonda strategik ahamiyatga ega korxonalarni xususiylashtirishda davlatning vaqtinchalik maxsus ishtirok etish huquqini saqlab qolish amaliyoti joriy etiladi.

Bundan maqsad – milliy xavfsizlik, ijtimoiy barqarorlik va aholi manfaatlarini himoya qilish, deyiladi xususiylashtirish jarayonlarini jadallashtirish boʻyicha 28-avgust kuni imzolangan prezident farmonida.

Farmonga koʻra, davlatning vaqtinchalik maxsus ishtirok etish huquqi xalqaro tajribadan kelib chiqib, yirik va strategik korxonani xususiylashtirishda qoʻllanadi va prezidentning maxsus qarori bilan joriy etiladi.

Ushbu huquq xususiylashtirishdan oldin ommaviy oshkor qilinadi.

Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekistonda davlatning xususiylashtirilgan aksiyadorlik jamiyatlari faoliyatida ishtirok etish boʻyicha “oltin aksiya” huquqi 2022-yilda bekor qilingan edi. Bu mexanizm orqali davlat xususiylashtirilgan korxonalarning kuzatuv kengashlariga oʻz vakilini kiritishi va shu orqali alohida qarorlarga veto qoʻyishi mumkin edi.

  • 28-avgustdagi farmon bilan, Davlat aktivlarini xususiylashtirish va xususiylashtirish jarayonlarini muvofiqlashtirish boʻyicha davlat komissiyasi faoliyati tugatilmoqda. Komissiya vakolatlari Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga oʻtkaziladi.