O‘zbekiston | 17:29 / 04.12.2018
6605
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda sport tibbiyoti yanada rivojlantiriladi. Xalqaro hamkorlikka katta e'tibor qaratilmoqda

Mamlakatimizda sport sohasini rivojlantirishga katta e'tibor qaratilmoqda. Sohaga oid bir qator qaror va farmonlar qabul qilinib, hayotga tatbiq etib kelinmoqda. Bu esa sportchilarimizning xalqaro maydonda erishayotgan yutuqlarida muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Xususan, Prezidentimizning 2018 yil 5 martdagi “Jismoniy tarbiya va sport sohasida davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bu borada yana bir muhim qadam bo‘ldi.

O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi qoshidagi Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi tomonidan ham mazkur farmonda belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan bir qator chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.

Shuningdek, markaz tomonidan davlatimiz rahbarining 2017 yil 9 martdagi “O‘zbekiston  sportchilarini 2020 yil Tokio shahrida bo‘lib  o‘tadigan XXXII yozgi Olimpiya va XVI Paraolimpiya  o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rish to‘g‘risida”gi qarorining ijrosini ta'minlash yuzasidan amaliy ishlar boshlab yuborilgan.

Ta'kidlash joizki, sportchilarimiz erishayotgan muvaffaqiyatlarda O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi qoshidagi Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazining ham muhim o‘rni bor. Shu maqsadda markaz tomonidan sport tibbiyotining ilg‘or yutuqlarini o‘rganib, amaliyotga tatbiq etish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilib kelinmoqda.

 Ushbu chora-tadbirlarning uzviy davomi sifatida Milliy Olimpiya qo‘mitasi qoshidagi Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazida Germaniyaning Gannover meditsina universiteti yurak ko‘krak qafasi, qon-tomir va transplantatsiya bo‘limi jarrohi, tibbiyot fanlari doktori Nodir MADRAHIMOV ishtirokida ilmiy-nazariy o‘quv seminar o‘tkaziladi.

Gannover meditsina universiteti va Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish, markaz xodimlarining malakasini oshirish maqsadida tashkil etilgan seminarda asli O‘zbekiston farzandi bo‘lgan tibbiyot fanlari doktori Nodir Madrahimov «Sportchilarda uchraydigan gipertrofik kardiomiopatiyaning oldini olish va erta diagnostikasi» mavzusida ma'ruza qildi.

Shuningdek, mutaxassis markaz faoliyati va O‘zbekistondagi sport tibbiyoti rivoji yuzasidan o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.

«Sport tibbiyotini rivojlantirish bo‘yicha O‘zbekistonda ham bir qator ishlar amalga oshirilganligi va ijobiy natijalarga erishilganligining guvohi bo‘ldim. Xususan, Milliy Olimpiya qo‘mitasi qoshidagi Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi faoliyati bilan tanishib, shunga amin bo‘ldim. Markaz zamonaviy tibbiy jihozlar bilan to‘liq ta'minlangan, zarur talablarga to‘liq javob beradi va malakali mutaxassislar faoliyat ko‘rsatmoqda. Biz sport tibbiyoti sohasida markaz bilan yaqindan hamkorlik qilib, tajriba  almashib kelmoqdamiz», – deydi N.Madrahimov.

 

Seminar yakunida kelgusida markaz va Gannover meditsina universiteti o‘rtasida Memorandum imzolash hamda hamkorlikni yanada rivojlantirishga kelishib olindi.

O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi qoshidagi Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi direktori, tibbiyot fanlari doktori, professor Abdushukur Sodiqov mehmonga markazning esdalik sovg‘asini topshirdi.

Bardoshbek SAMAD o‘g‘li

Mavzuga oid