O‘zbekiston | 17:40 / 15.06.2020
22449
2 daqiqa o‘qiladi

Kasbiy-ijodiy imtihonlarni o‘tkazish tartibi ma'lum qilindi

Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri Inomjon Majidov kasbiy va ijodiy imtihonlarning o‘tkazilish tartibi bo‘yicha ma'lumot berdi.

Ma'lum qilinishicha, har bir oliy ta'lim muassasasi kasbiy-ijodiy imtihonlar o‘tkaziladigan abituriyentlar sonidan kelib chiqqan holda o‘zi belgilaydi. 

«Test imtihonlariga qo‘shimcha tarzda o‘tkaziladigan kasbiy-ijodiy imtihonlarni o‘tkazishni 28 iyulgacha yakunlash taklif qilinmoqda. Chunki ularning ma'lumotlari test natijalari bilan qo‘shilishi kerak. 

Faqat kasbiy-ijodiy ko‘nalish bo‘yicha imtihon topshiradiganlar (test mavjud bo‘lmagan) yo‘nalishlar uchun imtihonlar 25 iyuldan 20 avgustgacha davom etadi. 

Ijodiy imtihon topshiradigan abituriyentlardan hujjat topshirishda o‘z telefon raqamlari va manzil haqidagi ma'lumotlarni aniq ko‘rsatishlarini so‘raymiz. Chunki imtihon sanalari haqida ular bilan bog‘langan holda ma'lumot yetkaziladi. Shuningdek, abituriyentlarning o‘zlari ham oliy o‘quv yurti veb-saytini kuzatib borishlari kerak bo‘ladi», deya vazirning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Qayd etilishicha, ijodiy imtihonlarning qabul komissiyalari tarkibini shakllantirish bo‘yicha talab kuchaytirilmoqda. Xususan, komissiya tarkibiga nafaqat pedagog mutaxassislar, balki shu ijodiy sohaning vakillari, ijodkorlar va sohaga oid tashkilotlardan vakillar jalb etiladi.

«Kasbiy-ijodiy imtihonlarni o‘tkazish jarayonlari to‘liq suratga olinadi. Suratga olingan material saqlanadi, apellyatsiya masalasi yuzaga kelgan holda ulardan foydalaniladi», deya ta'kidladi Inomjon Majidov.

Mavzuga oid