Qarshidagi «Markaziy» stadionda «Nasaf» va «Neftchi» oʻrtasidagi uchrashuv kunning eng sermahsul bahsi boʻldi. Mezbonlar birinchi boʻlimning oʻzida toʻrtta javobsiz gol urdi. Umarbek Eshmurodov hisobni ochdi, shundan keyin Bobur Abduxoliqov, Sharof Muhiddinov va Adenis Shala farqni yiriklashtirdi.
Ikkinchi boʻlim boshida Bobur Abduxoliqov yana bir bor gol urib, dublni rasmiylashtirdi. «Neftchi» safida Alisher Odilov hisobni qisqartirdi, ammo 80-daqiqada Alibek Davronov «Nasaf»ning oltinchi golini urdi. Uchrashuv yakunida Stipe Peritsa fargʻonaliklarning ikkinchi goliga mualliflik qildi - 6:2.
Shu tariqa, chempionatda peshqadam boʻlib turgan «Neftchi» mavsumdagi navbatdagi magʻlubiyatini qabul qilib oldi. «Nasaf» esa 20 oʻyindan keyin ochkolari sonini 28 taga yetkazdi.
Toshkentda «Paxtakor» «Andijon»ni 3:0 hisobida magʻlub etdi. Hisob 21-daqiqada Zaid Tahsinning goli bilan ochildi. Oradan sakkiz daqiqa oʻtib, Sardor Sobirxoʻjayev ikkinchi golni urdi. 69-daqiqada Muhammadrasul Abdumajidov yakuniy hisobni oʻrnatdi.
Namanganda «Navbahor» va «Lokomotiv» bahsi 1:1 hisobida yakunlandi. 40-daqiqada Husayn Norchayev Muhammadali Usmonovning uzatmasidan soʻng mezbonlarni oldinga olib chiqdi. Ikkinchi boʻlimda «Lokomotiv» hisobni tenglashtirdi: Jasur Yaxshiboyev Bilol Toʻpliyevning uzatmasini golga aylantirdi.
Bu natija bilan «Navbahor»ning Superligadagi ketma-ket gʻalabalar seriyasi ham toʻxtadi.
Toshkentdagi «Jar» stadionida oʻtgan «Bunyodkor» - «Surxon» uchrashuvida esa mehmonlar 1:0 hisobida zafar quchdi. 67-daqiqada «Bunyodkor» himoyachisi Islom Anvarov maydondan chetlatildi. Bir kishi koʻp boʻlib harakat qilgan «Surxon» 77-daqiqada natijaga erishdi - Komronbek Yusupovning uzatmasidan keyin Tornike Dzebniauri uchrashuvdagi yagona golni kiritdi.
Shu tariqa, 4-sentabr kuni Superligada oʻtkazilgan toʻrt uchrashuvda jami 14 ta gol urildi:
«Bunyodkor» - «Surxon» - 0:1
«Navbahor» - «Lokomotiv» - 1:1
«Nasaf» - «Neftchi» - 6:2
«Paxtakor» - «Andijon» - 3:0.
20-turning qolgan uchrashuvlari 5-sentabr kuni oʻtkaziladi. Tur taqvimiga koʻra, «Qoʻqon-1912» - «Dinamo», «Soʻgʻdiyona» - «Mashʼal» va «Qizilqum» - «Buxoro» bahslari rejalashtirilgan.















