Samarqanddagi ilk jigar transplantatsiyasi: bemor ham, donor ham shifoxonadan chiqmay vafot etdi
Shu yil 9 avgust kuni Samarqandda ilk bor jigar transplantatsiyasi amaliyoti bajarilgani aytilgandi. Ammo ko‘p o‘tmay Kun.uz’ga bemor ham, donor ham shifoxonadan chiqmay vafot etgani haqida xabar kelib tushdi.
Holatni o‘rganish maqsadida Kun.uz muxbiri Jomboy tumanida bo‘lib, vafot etganlarning yaqinlari bilan suhbatlashdi.
Samarqandda amalga oshirilgan ilk amaliyotda qatnashgan 57 yoshli bemor jigar sirrozi, subkompensatsiya bosqichi bilan kasallangan bo‘lib, unga 35 yoshli qizi donorlik qilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, donor onasining tuzalib ketishiga katta umid bildirgan.
“Ayolim so‘nggi ikki yilda ancha qiynaldi. Bir qator tekshiruvlar, muolajalarni boshdan o‘tkazdi. Samarqand viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida o‘tkazilgan tekshiruvlardan so‘ng, shifokorlar shu yerda operatsiya qilish mumkinligini tavsiya qilishdi. Avvaliga o‘zim donorlik qilmoqchi bo‘ldim, shifokorlar to‘g‘ri kelmasligini tushuntirishdi. Shundan so‘ng qizim donorlik qiladigan bo‘ldi. Operatsiya ham o‘tdi, ayolim va qizimning oyoqqa turib ketishiga umid qildik. Biroq avval onasi, keyin qizim shifoxonadan chiqmay nobud bo‘ldi. Allohning irodasi ekan” – dedi Abdumalik Qurbonov.
12 avgust kuni bemor, 16 avgust kuni donor vafot etgan.
Onasiga donorlik qilgan ayolning turmush o‘rtog‘i va uch nafar farzandi bo‘lgan. Uning turmush o‘rtog‘i operatsiya o‘tkazilayotganda Rossiyada bo‘lgan. Xotinining donorlik qilishiga yozma tarzda rozi bo‘lib, uni elektron tarzda shifokorlarga tashlab bergan.
“Ayolimni fikridan qaytarishga juda ko‘p urindim. Donorlik qilsa, ertaga o‘zi ham xastalanib qolishi mumkinligidan ogohlantirdim. Onasining tuzalib ketishi uchun qattiq turib oldi. Majburan rozi bo‘ldim. Operatsiyadan avval ham telefon orqali suhbatlashdik, ayolim sog‘lom edi. Shifokorlar ham operatsiya ijobiy o‘tgani haqida ma’lumot berishdi. Biroq shifoxonadan chiqmay qaynonam ham, turmush o‘rtog‘im ham vafot etdi. Men otamning qarori bilan da’vo qilmay turibman. Biroq nega shifokorlar holatga yuzaki qarashdi? Hozir bizning qo‘limizga xotinimni yurak bilan bog‘liq muammo sabab vafot etdi, deb qog‘oz berishgan. Sog‘lom odamni operatsiya stoliga olib, uning hayotini xavf ostida qoldirayotgan shifokorlar avval barcha choralarni ko‘rib qo‘ygan bo‘lishi kerak emasmidi? Operatsiyaga rozilik bildirdi degani, ularning o‘limiga roziman, degani emas-ku” – dedi donorlikdan keyin vafot etgan ayolning turmush o‘rtog‘i Komiljon O‘sarov.
O‘sarovning qo‘shimcha qilishicha, ayoli 2022 yilning bahorida ham ko‘krak qismidan jarrohlik amaliyotini o‘tkazgan.
Viloyat SSBning ma’lum qilishicha, transplantatsiyadan so‘ng donorda buyrak yetishmovchiligi, ikki tomonlama zotiljam asorati kuzatilib, standart bo‘yicha intensiv davo choralari qo‘llanilgan. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, donorda o‘pka tomirlarining tromboemboliyasi asorati kuzatilganligi gumon qilingan.
Eslatib o‘tamiz, shifokorlar operatsiya 13 soat 20 daqiqa davom etganini ma’lum qilishgandi.
“Biz murakkab amaliyotni muvaffaqiyatli yakunladik. Bu Samarqand tibbiyotida yana bir yangilik bo‘ldi. Jigar transplantatsiyasi amaliyotini bajarishga har tomonlama puxta tayyorgarlik ko‘rdik. Buning uchun xodimlarimiz Moskva, Qozon, Kiyev, Istanbul, Anqara shaharlarida malaka oshirib keldi”, - degan edi viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi bosh vrachi, Samarqand davlat tibbiyot universiteti kafedra mudiri Lutfullo Mahmanov.
Mavzuga oid
08:10 / 21.11.2024
Shavkat Mirziyoyev Samarqand viloyatini rivojlantirish yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi
08:51 / 20.11.2024
To‘rt tumanda 614 mln so‘mlik elektr va gazdan noqonuniy foydalanilgani aniqlandi
13:49 / 14.11.2024
Samarqandda o‘quvchi avtobus urib yuborishi oqibatida halok bo‘ldi
09:28 / 08.11.2024