O‘zbekiston | 11:01 / 02.06.2022
1615
1 daqiqa o‘qiladi

Navoiyda aholi va tadbirkorlarga davlat xizmati ko‘rsatishda eng ko‘p qonun buzayotgan idoralar ochiqlandi

2022 yilning yanvar-may oylarida Navoiy viloyatida aholi va tadbirkorlarga davlat xizmati ko‘rsatishda “O‘ztransgaz” AJ 3 103 ta qonunbuzilish holatiga yo‘l qo‘yib, mazkur ro‘yxatda “yetakchi” bo‘lgan. Bu haqda Kun.uz’ga Navoiy viloyati adliya boshqarmasi jamoatchilik bilan aloqalar xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, ko‘rilayotgan choralarga qaramay vakolatli idoralar tomonidan mazkur yo‘nalishda qonunbuzilish holatlari sodir etilmoqda. Xususan, o‘tgan 5 oyda “O‘zsuvta’minot” AJ tizimidagi korxonalar 2 194 ta murojaatda qoidabuzarlik sodir etgan. Soliq organlari 634 ta, davlat kadastr idorasi 287 ta, qurilish va arxitektura 84 ta, tijorat banklari 71 holatda murojaatlarga muddatida javob qaytarmagan yoki asossiz rad javobini bergan.

Vakolatli idoralar e’tiborsizligi bois aholiga davlat xizmati ko‘rsatishda jami 6 913 ta murojaatda fuqarolar huquqi buzilgan. Ushbu holatlar yuzasidan tashkilotlarga 35 ta taqdimnoma kiritilib, 9 holatda javobgar shaxslar ma’muriy jarimaga tortilgan. 

Oldinroq Navoiyda 2021 yilda hokimliklar davlat xizmatlari ko‘rsatilishida 135 ta qonunbuzilish holatiga yo‘l qo‘ygani ma’lum qilingandi.

Mavzuga oid