“Salom, mening nomim – gaz. Lekin bunga shubham bor. Kuchim faqat miltillashga yetadi. 20 minutdan beri choy ham qaynatolmayman.
Egalarim o‘tmishim-o‘choqqa qaytishgan. Ha, shunaqa. Manzilim: Uchtepa tumani Cho‘ponota mahallasi”, deyiladi postda.

Aziza Qurbonova ushbu postga Uchtepa tumani hokimligi hamda “Hududgazta’minot” AJ Uchtepa tumani bo‘limini teg qilgan.
Postga «Uchtepa tumani hokimligi» nomi bilan ro‘yxatdan o‘tgan profildan munosabat bildirilgan.
“Bo‘ldi-da, Azizaxon, nima qilasiz olovga yog‘ sepib? Hamma narsa nazoratga olingan. Qani, bir kun kelib Uchtepada ishlang-chi, ko‘raman. Bas qiling xalq g‘azabini qo‘zg‘atishni.
Siz nima qilib berdingiz Uchtepaga? Tepada o‘tirib, aqllilik qilish nechog‘lik oson-a? Men ham siz o‘tirgan joyda anchagina o‘tirganman, lekin bunaqangi kattalik qilib, birovning g‘azabini keltirmaganman, Allohga shukur”, deyiladi izohda.

Aziza Qurbonova tuman hokimligi profilidan unga dashnom berayotgan shaxsdan o‘zini tanishtirishni so‘ragan.
“Mening ismim — Uchtepa tumani hokimligi va men xalqimning og‘ir va yengil kunlarida ham birga bo‘lib, ular nafas olayotgan havodan nafas olaman, ular yurgan yo‘llardan yuraman, ularning dardi bilan yashayman. Mana men kimman, Azizabonu. Va sizga ham shuni tavsiya qilaman. O‘zingizdan kattalarga hurmat bilan yondashishni tavsiya qilaman”, deb javob qilgan «Uchtepa tumani hokimligi» profilini yuritayotgan shaxs jurnalistning savoliga javoban.
Savoliga javob ololmagan Aziza Qurbonova o‘zi bilan yozishayotgan shaxs tuman hokimining matbuot kotibi To‘rabek To‘rayev ekanini taxmin qilgan. Suhbatdosh buni na tasdiqlagan va na inkor qilgan. Aksincha “To‘rabek To‘rayev sizdan anchagina yoshi ulug‘, u sizning tengdoshingiz emas” deya jurnalistdan hurmat talab qilgan.


















