Oʻzbekiston prezidentining farmoni bilan Alisher Bahodirovich Samadov Hisob palatasi raisi lavozimiga tayinlandi.
Shu munosabat bilan u Oʻzbekiston Prezidenti administratsiyasi Huquqiy ekspertiza va kompleks tahlil qilish departamenti boshligʻi lavozimidan ozod etildi.
Samadov Prezident administratsiyasi tizimida huquqiy ekspertiza va kompleks tahlil yoʻnalishida bir qator masʼul lavozimlarda ishlagan.
Xususan, 2025-yil iyuliga qadar u Oʻzbekiston prezidentining huquqiy ekspertiza va kompleks tahlil qilish masalalari boʻyicha maslahatchisi oʻrinbosari lavozimida faoliyat yuritgan.
2025-yil 14-iyulda prezidentning tegishli farmoni bilan Samadov Prezident administratsiyasi Huquqiy ekspertiza va kompleks tahlil qilish departamenti rahbari etib tayinlangan va prezident maslahatchisi oʻrinbosari lavozimidan ozod qilingan.
Hisob palatasi raisi lavozimi vakant edi
Hisob palatasining rasmiy saytidagi rahbariyat haqidagi maʼlumotlarda rais lavozimi «vakant» deb koʻrsatilgan. Palata raisining birinchi oʻrinbosari lavozimida Mehriddin Abdullayev faoliyat yuritib kelmoqda. 2026-yil 27-avgustda Hisob palatasida Ozarboyjon Hisob palatasi delegatsiyasi bilan oʻtkazilgan rasmiy uchrashuvda ham Oʻzbekiston tomonidan raisning birinchi oʻrinbosari Mehriddin Abdullayev ishtirok etgan.
Hisob palatasi nima bilan shugʻullanadi?
«Oʻzbekiston Hisob palatasi toʻgʻrisida»gi qonunga muvofiq, Hisob palatasi davlat tashqi auditi va moliyaviy nazoratining oliy organi hisoblanadi. U bevosita Oʻzbekiston prezidentiga boʻysunadi hamda prezident va Oliy Majlis palatalariga hisobdor.
Palata, jumladan, Davlat byudjeti loyihasining shakllantirilishi va uning mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish ustuvorliklariga muvofiqligini tizimli tahlil qiladi, byudjet va davlat maqsadli jamgʻarmalari byudjetlarining ijrosi yuzasidan tashqi audit va nazorat vazifalarini amalga oshiradi.
Qonunga koʻra, Hisob palatasi raisi prezident tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod qilinadi. Prezidentning palata raisini tayinlash yoki ozod qilish haqidagi farmoni Oliy Majlis Senati tomonidan tasdiqlanishi lozim.















