Kabarda-Bolqoriyaning Bezengi darasida qor koʻchkisi oqibatida kamida 13 kishi halok boʻldi. Qor koʻchkisi 6-sentabr kuni kechqurun Mijirgi togʻida roʻy berib, togʻ yonbagʻrida boʻlgan 33 nafar alpinist koʻchki ostida qolgan. Shundan oʻn kishi mustaqil ravishda pastga tushishga muvaffaq boʻlgan. Yana olti kishi jarohatlangan holda shifoxonaga yotqizilgan. 9-sentabr kuni tongidagi holatga koʻra, FVV qutqaruvchilari halok boʻlgan 13 nafar alpinistning jasadini topgan, yana toʻrt kishini qidirish ishlari davom etmoqda. Favqulodda vaziyatlar vazirligi «xavfli notekis relyef» va takroriy koʻchki roʻy berishi ehtimoli qutqaruvchilar ishini qiyinlashtirayotganini maʼlum qilgan.
«Kommersant» manbalariga koʻra, koʻchki oqibatida Rosgvardiya va boshqa kuchishlatar tuzilmalarning Bezengiga togʻ tayyorgarligi boʻyicha yigʻinga kelgan 12 nafar jangchisi halok boʻlgan. Shot va Baza telegram-kanallari qurbonlar orasida Rosgvardiyaning «Vityaz» maxsus topshiriqli elita boʻlinmasi jangchilari ham boʻlganini xabar qildi. Idoradagilar qurbonlarning bir qismi Rosgvardiyada xizmat qilganini tasdiqlagan, ammo «Vityaz» jangchilari halok boʻlgani haqidagi maʼlumot haqiqatga toʻgʻri kelmasligini bildirgan.
Koʻchki chogʻida peterburglik 70 yoshli alpinist Albert Izotov ham halok boʻlgan. Rossiya alpinizm federatsiyasi (FAR) u daraga instruktor sifatida borgani va kuchishlatar tuzilmalar vakillarini tayyorlash bilan shugʻullanganini maʼlum qilgan. Qor koʻchkisi sodir boʻlgan paytda Izotov boshchiligidagi guruh mashgʻulot oʻtkazayotgan edi. «Ilgari hech qachon buncha katta qor tushmagandi. Buncha qor muzlikdan oshib oʻtib, mashgʻulot oʻtkazayotgan guruh ustiga tushdi», – deydi federatsiyaning sport alpinizmi qoʻmitasi raisi Aleksandr Yakovenko.
Bezengi darasidagi fojia 2002-yilda kichik Sergey Bodrovning suratga olish guruhi halok boʻlganidan beri Rossiya togʻlarida sodir boʻlgan eng yirik shu kabi holat boʻldi. Oʻshanda Shimoliy Osetiyaning Karmadon darasida «Svyaznaya» filmining suratga olish guruhi lagerini qor bosib qolgandi. Buning oqibatida kamida 125 kishi, jumladan, aktyorning oʻzi ham halok boʻlgandi. TASS agentligi hisob-kitoblariga koʻra, soʻnggi 25 yil ichida Rossiya togʻlarida bir guruh insonlar halok boʻlishi bilan bogʻliq toʻrtta holat roʻy bergan.
Tergov qoʻmitasi loqaydlik boʻyicha jinoiy ish qoʻzgʻatdi, ish bilan harbiy tergovchilar shugʻullanmoqda. Alpinizm federatsiyasidagilar yigʻinlarda tajribali alpinistlar ishtirok etgani va mashgʻulotlar joyi xavfsiz hisoblanganini taʼkidlagan. «Men uchun bu yerda qanday loqaydlik borligi aniq tushunarsiz. Bunday tadbirlarni oʻtkazish doirasida zarur boʻlgan barcha ishlar toʻgʻri amalga oshirilgandi», – dedi federatsiya vakili Aleksandr Yakovenko.
















