O‘zbekiston | 17:54 / 01.11.2016
56086
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda yer osti va yer usti metro yo‘nalishlarida qurilish ishlari boshlandi

Foto: UzDaily

Toshkent shahrida bunyod etilishi davom ettirilayotgan metro qurilishi endi «O‘zbekiston temir yo‘llari» aksiyadorlik jamiyati tomonidan amalga oshiriladi. Bu haqda  «O‘zbekiston temir yo‘llari»aksiyadorlik jamiyatining joriy yil 9 oyi davomida ijtimoiy-iqtisodiy faoliyati yakunlari va kelgusida amalga oshirilishi ko‘zda tutilayotgan loyihalariga bag‘ishlangan matbuot anjumanida ma'lum qilingan.

«Bugungi kunda Toshkent metropolitenining Yunusobod yo‘nalishidagi ikkita yangi bekatda qurilish ishlarini yakunlash, yangi yer osti va yer usti tezyurar metro yo‘nalishlarida qurilish ishlari boshlandi», deyilgan O‘zA xabarida

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev 18 sentabr kuni  Toshkent metrosining «Yunusobod» yo‘nalishidagi ikkita bekatda qurilish ishlarini yakunlash yuzasidan topshiriq bergandi.

Ma'lumot uchun, Toshkent metropolitenining «Yunusobod» yo‘li 2001 yili ishga tushirilgan bo‘lib, hozirgi vaqtda oltita — «Shahriston», «Bodomzor», «Minor», «Abdulla Qodiriy», «Yunus Rajabiy» va «Mingo‘rik» bekatlaridan iborat, yo‘nalishning uzunligi 6,4 kilometrni tashkil etadi.

Toshkent metropoliteni vagonlarida yo‘lovchilar e'tiboriga havola qilingan rasmiy xaritada, «Yunusobod» yo‘nalishida loyihaviy nomi «Fayzulla Xo‘jayev», «Yunusobod», «Turkiston» bo‘lgan stansiyalar qurilayotgan bekatlar hisoblanadi.

Bundan tashqari, «Yunusobod» yo‘nalishining Toshkentning janubiy tumanlarini qamrab oluvchi loyihalashtirilgan bo‘lagida «Bobur», «To‘qimachi», «Usmon Nosir», «Janubiy» kabi bekatlarning qurilishi ko‘zda tutilgan.

Mavzuga oid