“Olmaliq KMK” AJ Boshqaruv raisining iqtisodiyot, moliya va transformatsiya bo‘yicha o‘rinbosari Feruza Hamidovaning ma’lum qilishicha, kombinat o‘tgan yilgi rejani ortig‘i bilan bajargan:
“2022 yil yakunlari bo‘yicha Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining moliyaviy-iqtisodiy faoliyati bo‘yicha barcha prognoz ko‘rsatkichlar bajarildi. Xususan, tayyor mahsulotlar sotishdan tushgan tushum 30,5 trln so‘mni tashkil etib, biznes-reja 108,2%ga bajarildi. Kombinatda mahsulot tannarxini pasaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirilishi hisobiga xarajatlar 418 mlrd so‘m yoki 3,8 foizga iqtisod qilinishiga erishildi.

Bu topshiriqlar davlat rahbarining kombinatimizga tashrifi davomida topshirilgan vazifalar edi”,- dedi rais o‘rinbosari.
Shuningdek o‘tgan yilda kombinat tomonidan 947,5 mln dollarlik mahsulotlar eksport qilinib, prognoz 110,8%ga bajarilishi ta’minlandi. OKMKda ishlab chiqarilgan mis konsentratlaridan iborat birinchi konteyner blok poyezdi Bolgariyaning Burgas shahriga yuborildi.

“Pricewaterhousecoopers” MChJ bilan birgalikda “Olmaliq KMK” AJda operatsion samaradorlikni oshirish, tahlil qilish, tegishli chora-tadbirlarni ishlab chiqish, joriy qilishga ko‘maklashish va xodimlarning malakasini oshirish loyihasi doirasida biznes jarayonlar diagnostikasi o‘tkazilishi boshlanib ishlar jadal ketmokda.
Mas’ullarning so‘zlariga ko‘ra, 2022 yil boshida elektr ta’minoti tizimida yuz bergan “blekaut” tufayli 25 yanvardan 28 yanvarga qadar kombinat faoliyatining to‘liq to‘xtalishi, mahsulot ishlab chiqarishga salbiy ta’sir ko‘rsatdi.
Tezkor ravishda ko‘rilgan choralar evaziga, birinchi navbatda eng muhim uchastkalarga elektr tokini yetkazish, shuningdek, ichki zaxiralarining ishga tushirilishi hisobiga sotiladigan mahsulotlar ishlab chiqarish ta’minlandi. Jumladan, mis katodi ishlab chiqarish rejasi (148,5 ming tonna) 100 %ga, mis simi, emallangan sim, mis kuporosi rejasi 100 %ga bajarildi. Qimmatbaho va nodir metallar bo‘yicha reja ko‘rsatkichlari ortig‘i bilan bajarilishiga erishildi. Xususan, oltin va kumush ishlab chiqarish vazifasi mos ravishda 100,3 %ga, ammoniy perrenati 132,4 %ga, selen (34,5 tonna), tellur (2,8 tonna) 100,0%ga, palladiy kukuni rejasi 183,9 %ga bajarilgan.


















