Xalqaro narkotarmoqning Oʻzbekistondagi faoliyatiga chek qoʻyildi. Bu haqda IIV matbuot xizmati xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamkorlikda Toshkentda keng qamrovli tezkor-qidiruv tadbirlari oʻtkazgan. 

Tadbirlar davomida poytaxtdagi oliygohlardan birida tahsil oluvchi 21 yoshli talaba internet-narkodoʻkonda kladmen boʻlib ishlagani aniqlangan. Uning boshqaruvidagi Onix mashinasi Yangihayot tumanida toʻxtatilib tekshirilganda, salon qismiga yashirilgan 500 gramm alfa-PVP sintetik giyohvandlik moddasi topilgan. 

Tezkor tadbirlarning ikkinchi yoʻnalishida jinoiy uyushmaning Namangan viloyatida faoliyat yuritib kelgan aʼzosi qoʻlga olingan.

Xalqaro yoʻnalishdagi hamkorlik natijasida transmilliy jinoiy uyushma yetakchilaridan biri xorijiy davlat hududida yashirinib yurgani aniqlangan. U shu davlatning huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan ushlangan. 

Transmilliy jinoiy uyushmaning Oʻzbekiston hududidagi faoliyatiga aloqador shaxslarni aniqlashga qaratilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida uyushmaning 7 nafar omborchisi va ularga ishlagan 6 nafar zakladchik, shuningdek, uyushma yetakchilaridan biri, jami 14 kishi qoʻlga olingan.

Screenshot_2

Ulardan 2,5 kg sintetik giyohvandlik vositasi protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.

Qoʻlga olinganlarning barchasiga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllangan.