Fransiyada yana ommaviy namoyishlar boʻlib oʻtmoqda – yoshlar yashash narxi oshishiga qarshi hamda maktablarda oʻqish sharoitlarini yaxshilash va oliy oʻquv yurtlariga kirishning hozirgi tizimini bekor qilish uchun koʻchalarga chiqqan. Bu kabi koʻlamdagi yirik namoyishlar 6-oktabr kuni ham boʻlib oʻtgandi, oʻshanda butun mamlakat boʻylab norozilik aksiyalarida, turli baholarga koʻra, 250 mingdan 450 minggacha kishi ishtirok etgandi. Bu safargi aksiyalarda esa 500 mingdan 800 minggacha aholi koʻchalarga chiqqani aytilmoqda. Namoyishlarda maktab oʻquvchilari, talabalar, «sariq nimchalilar» harakati aʼzolari, kasaba uyushmalari faollari, ekofaollar, fermerlar va boshqalar koʻchalarga chiqqan.
Norozilik aksiyalari keng koʻlamli tartibsizliklar va talonchiliklar bilan birga kechgan. Politsiya bilan toʻqnashuvlar yuzaga kelmoqda, namoyishchilarga qarshi koʻzdan yosh sizdiruv gaz va suv purkagichlar qoʻllanmoqda. Butun mamlakat boʻylab mingdan ortiq kishi qoʻlga olingan.
Parijda va boshqa yirik shaharlarda yoʻllardagi avtomobillar hamda doʻkonlar jabrlangan. Marselda namoyishchilar shahar meriyasiga bostirib kirgan, Lionda shahar turizm idorasi binosiga oʻt qoʻyilgan.
Shuningdek, Limoj shahridagi ratusha binosiga oʻt qoʻyilgan. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan kadrlarda minora va tomning katta qismi qulab tushgani, bino fasadining uchdan ikki qismi vayron boʻlganini koʻrish mumkin. Mahalliy rasmiylar buni «madaniy meros uchun falokat» deb atadi. Yongʻin oqibatida jabrlanganlar yoʻq.
🔴 La magnifique mairie de Limoges 😱 #17octobre https://t.co/aV44OfMgmH
- Chris (@APchris06) October 17, 2026
Limojdagi shahar ratushasi 1883-yilda qurilgan boʻlib, bino Fransiyaning tarixiy yodgorliklari roʻyxatiga kiritilgandi.
Quyida 17-oktabr kungi namoyishlar vaqtida mamlakatning turli chekkalarida olingan suratlar:



































