Karmana tumanida marhumlarning yaqinlarini aldab, ulardan pul undirmoqchi boʻlgan shaxs jinoiy jazoga tortildi. Kun.uz sud hujjati bilan tanishdi.

Marhumlarga tuhmat

Sud hukmiga koʻra, 24 yoshli A.S. janoza xabarlari berib boriladigan Telegram guruhdan marhumlar haqida maʼlumot olib, ularning yaqinlaridan pul undirishni reja qilgan. U 22-aprel kuni Karmana tumanining Kalovot mahallasida yashagan B.O. vafot etgani haqidagi janoza xabarini oʻqigan. Soʻngra marhumning ukasi J.N.ning telefon raqamini izlab topgan.

Shundan soʻng A.S. marhumning ukasiga qoʻngʻiroq qilgan. Oʻzaro suhbatda u marhum tiriklik paytida qarzga 100 dollar olganini aytib, ushbu mablagʻni bank kartasiga oʻtkazib berishni soʻragan. Ammo J.N. soʻralgan pulni oʻtkazib bermagan.

Shuningdek, A.S. tumanning Mir Said Bahrom mahallasida yashagan J.H. vafot etgani haqidagi janoza xabarini oʻqib, marhum tirikligida ishlatgan telefon raqamni izlab topgan. Soʻngra ushbu raqamga qoʻngʻiroq qilgan. Qoʻngʻiroqqa marhumning onasi javob bergan. A.S. unga ham oʻgʻli tiriklik paytida 100 dollar qarz olganini aytgan. Uning gapiga ishongan ona 1,2 mln soʻmni bank kartaga oʻtkazib bergan. A.S. bu mablagʻni oʻz shaxsiy ehtiyojlariga ishlatib yuborgan.

“Pul zarur edi”

A.S. sudda aybiga toʻliq iqrorlik bildirgan va pul zarurligi sabab bu ishga qoʻl urganini aytgan.

B.O.ning vafot etgani toʻgʻrisidagi xabarni eshitdim. Uning yaqin qarindoshlarini izlab topib, goʻyoki marhumning qarzi borligini aytgan holda ulardan pul olish fikri tugʻildi. Marhumning ukasining telefon raqamini topdim. Unga marhumning tanishi ekanimni, savdo bilan shugʻullanishimni, marhumning 100 dollar qarzi borligini aytdim. Ushbu mablagʻ zarur boʻlib qolganini bildirib, berishni soʻradim.

Marhumning ukasi qaysi doʻkonda savdo qilishimni soʻradi va oʻzim bilan koʻrishib, keyin pulni berishini aytdi. Shu vaqtda uning bu savollariga nima deb javob berishni bilmasdan, telefonni oʻchirib qoʻydim”, degan u oʻz koʻrsatmasida.

Shuningdek, sudlanuvchi ikkinchi holatda marhumning onasidan shu shaklda pul soʻrab, 1,2 mln soʻm undirganini va ushbu mablagʻni ehtiyojiga ishlatib yuborganini maʼlum qilgan.

A.S. qilmishiga pushaymonlik bildirib, suddan yengillik soʻragan.

Jazo

JIB Karmana tuman sudining 2026-yil 7-avgustdagi hukmi bilan A.S. Jinoyat kodeksining 25,168-moddasi (firibgarlikka suiqasd) 1-qismi va 168-moddasi (firibgarlik) 3-qismi “b” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Unga ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2,5 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan.