Kabardino-Balkariyadagi Bezengi darasida 6-sentabr kuni qor koʻchkisi sodir boʻlib, bir guruh alpinistlar uning ostida qolgan. 7-sentabr ertalabki maʼlumotlarga koʻra, hodisa oqibatida 11 kishi halok boʻlgan, yana olti kishi bedarak yoʻqolgan. Bu haqda Rossiya Favqulodda vaziyatlar vazirligining hududiy boshqarmasi maʼlum qildi.

Aniqlashtirilgan maʼlumotlarga koʻra, guruhning oʻn nafar aʼzosi xavfli hududdan mustaqil ravishda chiqib ketishga muvaffaq boʻlgan. Yana olti kishi turli darajada jarohat olib, tibbiyot muassasalariga yetkazilgan.

Ayni paytda hodisa joyida keng koʻlamli qidiruv-qutqaruv operatsiyasi davom etmoqda. Unga 56 nafar qutqaruvchi va mutaxassis jalb qilingan. Biroq murakkab togʻ relyefi hamda yangi qor koʻchkilari tushishi xavfi qidiruv ishlarini qiyinlashtirmoqda.

Maʼlum qilinishicha, qor koʻchkisi 6-sentabr kuni taxminan soat 17:00 da Mijirgi togʻi yonbagʻridan tushgan.

Dastlab Favqulodda vaziyatlar vazirligi hodisa joyida 15 nafar alpinist boʻlganini maʼlum qilgan edi. Oʻsha paytda ikki kishi halok boʻlgani, uch kishi jarohatlangani va yana oʻn nafar kishining qayerdaligi nomaʼlum ekani xabar qilingan.

Keyinchalik maʼlumotlar aniqlashtirilib, guruhda jami 33 kishi boʻlgani maʼlum boʻldi. Qidiruv-qutqaruv operatsiyasi davomida halok boʻlganlar va jabrlanganlar soni haqidagi maʼlumotlar ham yangilangan.

7-sentabr kuni soat 09:00 holatiga koʻra, 11 nafar alpinist hayot bilan mos kelmaydigan ogʻir jarohatlar oqibatida halok boʻlgan. Yana olti kishining taqdiri hozircha nomaʼlumligicha qolmoqda.

Ob-havo sharoiti yaxshilansa, bedarak yoʻqolganlarni qidirish ishlariga Rossiya Favqulodda vaziyatlar vazirligining Mi-8 vertolyoti hamda «Xeliekshn» kompaniyasiga tegishli tijoriy vertolyotni jalb qilish rejalashtirilgan.

Hodisadan soʻng Rossiya Tergov qoʻmitasi ehtiyotsizlik yoki xizmat vazifalariga loqayd munosabatda boʻlish bilan bogʻliq modda boʻyicha jinoyat ishi qoʻzgʻatgan. Tergovchilar fojia qanday sharoitda sodir boʻlgani va unga olib kelgan ehtimoliy sabablarni aniqlamoqda.

Shuningdek, hodisa sodir boʻlgan hududda noqulay ob-havo sharoiti boʻyicha oldindan ogohlantirish amal qilgani qayd etilgan.