Odam savdosiga qarshi kurashish boʻyicha markaz direktori oʻrinbosari Dilfuza Shodiyeva Kun.uz’ga odam savdosi qurbonlaridan biri bilan bogʻliq holatni gapirib berdi.
Markaz vakilining maʼlum qilishicha, mehnat ekspluatatsiyasi bilan bogʻliq holatlarda koʻproq Qozogʻiston va Rossiyadan qaytarilayotgan oʻzbekistonliklar murojaat qiladi. Jinsiy ekspluatatsiya holatlarida esa Turkiya, Hindiston va Birlashgan Arab Amirliklarida jabrlangan oʻzbekistonlik ayollar markazga murojaat qilmoqda.
«Enaga boʻlib ishlaysan deb olib ketilgan»
Markaz vakilining aytishicha, joriy yil boshida Turkiyadan Oʻzbekiston fuqarosi boʻlgan ayol qaytarilgan. U enaga boʻlib ishga joylashtirish vaʼdasi bilan qarindoshi tomonidan Turkiyaga olib ketilgan va sotib yuborilgan.
«Ayol 8 yil davomida fohishalikka majburlangan. Bunga qarshilik qilganida, unga farzandi orqali bosim oʻtkazilib, bolaning ustiga qaynoq suv quyilgan. Ayol yertoʻlada saqlangan. Kelganida vazni 32 kilo edi, oʻzi juda yosh, u yerda ikkita farzandli boʻlgan edi. Ikki farzandining ham hujjatlari mavjud emas. Turkiyada oʻtkazilgan politsiya tadbiri davomida aniqlanib, Xalqaro migratsiya tashkiloti orqali Oʻzbekistonga qaytarilgan.
Biz uni olib kelganimizdan keyin birinchi navbatda ayol va bolalari bilan alohida-alohida ish olib bordik. Olti oy davomida u psixolog, psixoterapevt va psixiatr koʻrigidan oʻtkazildi. Oilasi bilan koʻrishish jarayonlari juda qiyin kechdi. Chunki ayol Turkiyada bedarak ketganidan kuyib ketgan ota-onasi vafot etib ketishgan. Ayol bunda oʻzini aybladi.
Bolalari bilan ham ishlandi, chunki ularda rivojlanish bilan bogʻliq ayrim kechikishlar kuzatilgan edi. Hozirda farzandlari bogʻchaga joylashtirildi, katta farzandining hujjatlari toʻgʻrilandi, ikkinchi farzandining hujjatlarini tiklash jarayoni davom etmoqda», - dedi markaz vakili.














