YeChLda sensatsiyalar kuni. «Bavariya» 3 ta, «Inter» 4 ta oʻtkazdi
|12:3910 50015 min
Seshanba oqshomida Chempionlar ligasi umumiy guruh bosqichida 2-tur doirasida 9 uchrashuv boʻlib oʻtdi. Norvegiyadagi oʻyinda Olisening tushunarsiz harakatlari «Bavariya»ga qimmatga tushdi; «Arsenal» 3 ta, «Barsa» 4 ta gol urdi va turnir jadvalida peshqadam boʻlib oldi; Rahmonaliyev «Saboh» bilan ilk gʻalabaga erishdi; «MU»da inqiroz davom etmoqda.
Tigʻiz taqvimni hisobga olgan holda Mikel Arteta YECHL guruh bosqichi oʻyinlarida aralash tarkibni tashlamoqda: «Lill»ga qarshi oʻyinda Merino, Yokeresh va Eze kabi futbolchilarga imkon berildi, Edegor, Havers va Saka zaxirada qoldirildi. Oʻyinning birinchi boʻlimi birgina Uedaning bekor qilingan goli bilan yodda qoldi. Yaponiyalik hujumchi Gabriel bloklagan zarbadan keyin toʻpga birinchi boʻlib yetib kelgandi, ammo u zarba berilishi vaqtida ofsaydda qolgani oydinlashdi.
Ikkinchi boʻlimda esa londonliklar darajadagi farqni koʻrsatib qoʻydi: oʻng qanot himoyachisi Timber raqib jarima maydoniga kirib borib, haqiqiy hujumchilardek harakat qildi va toʻni himoyachi oyoqlari orasidan oʻtkazib, oʻtkir burchakdan kuchli zarba berdi. Oʻsha zahoti Arteta hujumdagi asosiy ijrochilarini maydonga tashladi va raqibni uzil-kesil taslim etdi. Avvaliga Bukayo Saka Ezeni golli pas bilan taʼminladi. Keyin esa Edegor va Haversning kombinatsiyasidan keyin u markaziy hujumchi pozitsiyasida paydo boʻlib, yakuniy hisobni oʻrnatdi – 3:0.
«Barselona» oʻyinda birinchi boʻlim gol oʻtkazib yuborgan boʻlsa-da, yana yirik hisobda gʻalaba qozondi. Turklarning rossiyalik legioneri Aleksey Batrakov Leauning pasidan keyin raqib jarima maydonida hech qanday qarshilikka uchramasdan hisobni ochdi. Boʻlim davomida mezbonlar yana bir bor kataloniyaliklar darvozasini ishgʻol etishdi, ammo Osimhenning boshda yoʻllagan zarbasidan keyin toʻp darvozaga borib tushdi, ammo videotakrordan keyin zarba vaqtida ofsaydda boʻlgan Yilmaz darvozabonni chalgʻitgan deb topildi va gol bekor qilindi.
Boʻlim oxirida Kanselu yana bir bor katta sahnaga chiqib, hisobni tenglashtirdi, ikkinchi boʻlimda esa Yamal yorqin oʻyin koʻrsatdi. Uning ikki golli pasi oʻyin taqdirini hal qildi. Ikkinchi assist – tur bezagiga aylandi.
Two special Lamine Yamal assists 😮💨 Who did it best here? 🅰️ @lays_football | #UCLassists https://t.co/imMpJxn7D9
Oʻyinga soʻnggi nuqtani esa Adeyemi oʻrnatdi – 1:4.
«Galatasaroy» startdagi ikki oʻyinda ham yutqazib, turnir jadvalining soʻnggi qismida, «Barselona» esa ketma-ket gʻalabalardan keyin turnir jadvalini boshqarmoqda.
Olise «Bavariya»ni uyaltirdi
«Viking» – «Bavariya» 3:3 Gollar: Stensness, 2 (1:0). Kristiansen, 38 (2:0). Keyn, 54 – penalti (2:1). Keyn, 60 (2:2). Dias, 71 (2:3). H. Haugen, 90 (3:3) «Viking»: Estbe, Stensness, Falhener, K. Haugen (Dalann, 59), Heggheym (Vevante, 85), Bell (Egeskog, 85), Askildsen, Berdal (H. Haugen, 72), Tripich, Kristiansen, Botheym (Moi, 85) «Bavariya»: Urbig, Kim Min Je, Ta (Upamekano, 46), Braun (Deyvis, 46), Laymer, Kimmih, Bishof, Karl (Saybariy, 46, Ito, 83), Dias (Stanishich, 76), Olise, Keyn Ogohlantirishlar: K. Haugen, 53. Dalann, 67 – Laymer, 52. Saybariy, 68. Olise, 73 Chetlatish: Olise, 73 (ikkinchi sariq)
«Viking» ikkinchi daqiqadayoq «Bavariya» darvozasini ishgʻol etib, tarix yozdi. Noyerning salomatligida yuzaga kelgan muammolardan keyin uning oʻrnini egallagan Urbig Stensnessning zarbasi qarshisida ojiz qoldi. Keyin esa norvegiyaliklar myunxenliklar shturmiga dosh berdi va qarshi hujumda raqibni jazolab, tanaffusga sensatsion hisob bilan yoʻl oldi.
Vensan Kompani voqealarning bunday rivojiga tanaffusda uchtalik oʻzgarish bilan reaksiya qildi va bu oʻz samarasini berib, 60-daqiqagacha hisob tenglashdi. Keyn avvaliga Laymer ishlagan penaltidan hisobni qisqartirdi, keyin esa Kimmihning uzatmasini boshda yoʻllagan zarbasi bilan golga aylantirdi. Ingliz hujumchisining YeChLdagi golli seriyasi toʻqqiz oʻyinga yetdi. Boʻlim davomida Harri toʻpni himoyachilar ortiga tashlab berib, bu toʻpga yetib borgan Laymer esa Diashni golli uzatma bilan taʼminladi va sensatsiyani bekor qilgandek boʻldi.
Ammo shu pallada Olise «Bavariya»ni noqulay holatda qoldirdi. Jamoa yetakchilaridan boʻlgan fransuz vingeri bir daqiqa ichida ikki sariq kartochka oldi va maydonni tark etdi: u avvaliga toʻpni oldirgach, raqibni ushlab qoldi, oʻyin toʻxtatilganida esa toʻp bilan raqib futbolchisining boshiga urdi.
Michael Olise RED CARD in Viking vs Bayern Munich UCL game. https://t.co/oNawMzposi
Qolgan vaqt mobaynida bir kishi koʻp boʻlib oʻynagan vikinglar soʻnggi daqiqalarda hisobni tenglashtirishdi va favoritni qimmatli ochkolardan mahrum etishdi.
Asosiy ranglari qora-koʻk boʻlgan bu ikki jamoa toʻqnashuvi kutilgan ssenariyda kechmadi. Birinchi boʻlim oʻrtalaridan oʻtganda Hoqon Chalxonoʻgʻli jarima maydonida fol ishlatdi, belgilangan penaltini esa Tresoldi golga aylantirdi. Turkiyalik yarimhimoyachi aybini yuvish uchun yaxshi imkoniyatga ega boʻlgandi, ammo uning jarima maydoni tashqarisidan yoʻllagan zarbasidan keyin toʻp toʻsinga tegdi. Milanliklar baribir boʻlim oxirida sobiq jamoadoshi Zommerni ajoyib kombinatsiya bilan dogʻda qoldirishdi. Bu hujum davomida Dimarko tovoni bilan pas berdi, Lautaro esa jarima maydoni ichida ajoyib harakat qilib, korpus qoʻyish orqali himoyachini yoʻldan oldi va oʻgirilib, burchak tomon aniq zarba yoʻlladi.
Ikkinchi boʻlim boshida esa shveysariyalik darvozabon argentinalik toʻpurarning yaqin masofadan yoʻllagan zarbasini qaytarib, oʻziga xos revansh oldi. Shu kuni 9 ta seyv ijro etgan Zommerning neradzurrilar darvozasida qolgan merosxoʻri Xosep Martines esa jamoasini uyaltirdi. U avvaliga toʻpga chiqishda xatoga yoʻl qoʻydi va Tresoldi boʻsh darvozani ishgʻol qildi. Keyingi vaziyatda esa hujumchining oyoqlari ostiga toʻpni tashlab berdi. Het-trik qayd etgan Tresoldi Adeyemining rekordini yangilab, turnirda bir oʻyinda uch gol urgan eng yosh germaniyalikka (22 yosh-u 54 kunlik) aylandi.
Keyinroq Verman «Bryugge»ning toʻrtinchi golini urib, oʻyin taqdirini hal qildi. Bonnining qoʻshimcha daqiqalarda urgan goli amalda hech narsani oʻzgartira olmadi. Kristian Kivu shogirdlari YeChLning bu mavsumini ketma-ket ikki magʻlubiyat bilan boshlamoqda. Qolaversa, «Inter» YeChLda oʻtgan mavsumni ham qoʻshib hisoblaganda qatorasiga toʻrt oʻyinda yutqazmoqda.
«MU» fanatlari azoblanishda davom etmoqda. Madridda mehmon boʻlgan Kerrik shogirdlari ilk soniyalardayoq gol oʻtkazib yuborishdi: Barrios toʻpga bir teginishdayoq darvozani ishgʻol qildi, Heven esa toʻpga yeta olmadi. Shundan keyin «Yunayted» tashabbusni qoʻlga oldi, ammo vaziyatlardan foydalanishda oqsadi. Ikkinchi boʻlimda esa Yoro qoʻpol harakati uchun qizil kartochka olib, oʻyinni qutqarib qolish vazifasini yanada qiyinlashtirdi. Qizildan koʻp oʻtmay Lukman oʻyin masalasini hal qildi: Lammensning seyvidan keyin toʻpga barchadan birinchi boʻlib yetib keldi. Bu «Yunayted» tarixidagi eng yomon start boʻlmoqda: «qizil iblislar» bungacha hech qachon mavsum startida toʻqqiz oʻyindan keyin bunchalik yomon koʻrsatkich qayd etmagandi (ikki gʻalaba, uch durang va toʻrt magʻlubiyat).
YeChLning oʻtgan mavsumini oʻta muvaffaqiyatsiz oʻtkazgan va turnirda qatorasiga yetti oʻyindan buyon yutqazayotgan «Vilyarreal» bu oʻyin oldidan asosiy darvozaboni Gulachining yordamidan foydalana olmasligi maʼlum boʻlgandi, oʻyin kuni tongda uning uyiga qurolli hujum uyushtirilgan. Vengriyalik posbon oʻrnini egallagan Junior esa startdayoq gol oʻtkazib yubordi, ammo bu vaziyatda unga eʼtiroz qilib boʻlmaydi. U «Napoli»ning faxriy himoyachisi Rrahmanining murakkab zarbasini qaytargandi, ammo takroriy zarba qarshisida ojiz qoldi.
Koʻpchilik «Vilyarreal» YeChLda qatorasiga sakkizinchi oʻyinda ham yutqazishini taxmin qila boshlagandi, ammo uch daqiqa ichida barchasi oʻzgarib ketdi. «Napoli»ning faxriy futbolchilaridan yana biri Politano oʻta qoʻpol xatoga yoʻl qoʻydi: u toʻpni Milinkovich-Savichga uzatishda sustkashlik qildi va toʻpga ega chiqqan Mikautadze darvozabonni aldab oʻtib, hisobni tenglashtirdi. Koʻp oʻtmay Santiyago Mourinio jarima maydoni tashqarisidan yoʻllagan zarbasi bilan mezbonlarni hisobda oldinga olib chiqdi. Shundan keyin mehmonlar oʻyinga qayta olishmadi, oʻyin oxirida esa Oluvaseyi uchinchi golni ham urdi. Shu tariqa, «Vilyarreal»ning turnirdagi magʻlubiyatlar seriyasi 8-oʻyinda, gʻalabasiz seriyasi 12-oʻyinda toʻxtadi. «Napoli» esa YeChLda qatorasiga ikkinchi oʻyinda yutqazdi va Maksimilliano Allegrining kursi qimirlay boshladi.
Ozarboyjonliklar klubi YeChLga tasodifan chiqib qolmaganini isbotladi: oʻzbekistonlik yarimhimoyachi Umarali Rahmonaliyev bilan birga bu jamoa «Slaviya»ni magʻlub etgan holda turnirdagi ilk ochkolarini qoʻlga kiritdi. Perris birinchi boʻlimdayoq hisobni ochgandi, ammo VAR ofsayd qayd etib, golni bekor qildi. Ushbu yamaykalik hujumchi ikkinchi boʻlim boshida baribir oʻz maqsadiga yetishdi va bu safar golni hech kim bekor qila olmadi. Oʻyin oxirida esa mehmonlar darvozaboni Markovich toʻpga chiqishda xatoga yoʻl qoʻydi: Mikkels qanotdan boʻsh darvoza tomon zarba berdi – 2:0.
Har qanday seriya qachondir yakunlanadi. «Lans» yevrokuboklarning muntazam ishtirokchisi hisoblanmasa-da, ushbu jamoa 20 yildan buyon xalqaro turnirlarda oʻz uyidagi uchrashuvlarda ikkita gol oʻtkazib yubormagandi. YeChLdagi soʻnggi uy magʻlubiyati esa 1998-yildan buyon qayd etilmagandi. Shu kuni darvozada Risser boʻlmaaganida, «Sporting» yanada koʻproq gol urgan boʻlardi. Birinchi boʻlimda lissabonliklar kolumbiyalik Luis Suaresning yagona goli bilan kifoyalanishdi, u yetti gol bilan «sherlar»ning asosiy yevrokubokdagi eng yaxshi toʻpurari boʻlib oldi. Oʻyin oxirida esa Andersen Dumbiyani darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqarib yubordi, bu holatda toʻpga birinchi boʻlib yetib kelish uchun jarima maydoni tashqarisiga chiqib kelgan Risserda hech qanday imkoniyat yoʻq edi. «Sporting» qatorasiga ikki gʻalabadan keyin peshqadamlar uchligida joylashgan.
«Leypsig» PSV bilan oʻyinni kuchli boshladi, ammo vaziyatlaridan foydalana olmadi, boʻlim oʻrtalarida esa Baku jarima maydoni ichida toʻpni qoʻl bilan oʻynagani uchun gol oʻtkazib yuborishi ham mumkin edi. Ammo Vandevordt Perishich ijrosidagi penaltidan keyin burchakka ketayotgan toʻpni qaytardi va «buqalar» jamoasi muxlislarini xursand qildi. Ikkinchi boʻlimda esa Gruda jarima maydonidan qaytib chiqqan toʻpga zarba berib, oʻyinning ikkinchi qahramoniga aylandi. Uning aniq zarbasi «Leypsig»ning gʻalabasi va klub rekordi oʻrnatilishini taʼminladi (jamoa barcha turnirlar doirasida qatorasiga toʻqqizinchi uy oʻyinida gʻalaba qozonmoqda, shundan qatorasiga toʻrt oʻyinda darvoza daxlsizligi saqlab qolingan).