O‘zbekistonda mahalla raisi va profilaktika inspektoriga tomorqadan samarali foydalanmayotgan xonadon egalarini rasman ogohlantirish, undan keyin ham ekin ekmaganlarga yer solig‘i oshirilgan stavkada qo‘llanishi bo‘yicha taqdimnoma kiritish vakolati beriladi. O‘z navbatida tomorqadan samarali foydalangan fuqarolarga soliq imtiyozlari beriladi.

Davlat rahbari boshchiligida 8 aprel kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida tomorqachilikni rivojlantirish oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash, aholi bandligi va daromadini oshirishning muhim manbasi ekanini ta'kidlagan, «bunday davrda tomorqani qarovsiz tashlab qo‘yish xiyonat deb baholanishi kerak», deb aytgan edi. Prezident Sh.Mirziyoyev barcha fermer, klaster, dehqonlar karantin qoidalariga amal qilgan holda o‘z dalasida, aholi esa tomorqasida bahorgi ekish ishlarini davom ettirishi kerakligini ta'kidlagan, tomorqasiga ekin ekmagan fuqarolar yer solig‘ini oshirilgan stavkada to‘lashini ma'lum qilgandi.

Mamlakatimizda koronavirus pandemiyasi tufayli karantin holati joriy qilinganligiga qaramasdan, Toshkent viloyatida bahorgi dala yumushlari, tomorqada meva-sabzovot mahsulotlari yetishtirish yumushlari bir zumga ham susaygani yo‘q. Eng asosiysi, bu yerda tomorqadan foydalanish bo‘yicha katta tajriba to‘plangan. Bu borada viloyat hokimligi tomonidan Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari viloyat kengashi bilan hamkorlikda muntazam ravishda fuqarolarga zarur tavsiya va yo‘l-yo‘riqlar berib borilmoqda. Joriy yilda ham bunday tadbirlar davom ettirilib, aholi tomorqalaridan samarali foydalanish, bahorgi ekish yumushlarini tashkil etish va mahsulot yetishtirishni ko‘paytirish bo‘yicha bir qator choralar ko‘rilyapti.

 

Tomorqachilikdagi boy tajribadan bu yil ham unumli foydalanilmoqda. Bugun issiqxonalar bilan birga, dala sharoitida ham sabzovot mahsulotlari yetishtirish qizg‘in pallaga kirgan. Buni poytaxtimiz bozorlarida sotilayotgan pomidor, bodring, karam va ko‘katlarni ko‘rib, ishonch hosil qilish mumkin.