O‘zbekiston | 23:35 / 12.07.2017
55180
8 daqiqa o‘qiladi

«Talab darajasida emas» - Shavkat Mirziyoyev siyosiy partiyalar faoliyatini jiddiy tanqid qildi

Foto: "Kun"

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev  bugun, 12 iyul kuni senatorlar, deputatlar hamda siyosiy partiyalar vakillari bilan uchrashdi. Bu haqda «O‘zbekiston» telekanalining «Axborot» dasturida xabar qilindi.

O‘z chiqishida davlat rahbari qayd etdiki, zamon siyosiy partiyalarning vakillari, deputat va senatorlardan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning nafaqat ishtirokchisi, balki tashabbuskori va asosiy ijrochisi bo‘lishni, boshqalarga namuna ko‘rsatishni talab etmoqda. 

Oliy Majlisning qo‘shma majlisida erishilgan yutuqlar e'tirof etilgan holda, hokimiyat vakillik organlari, siyosiy partiyalar va ekologik harakatning o‘tgan davrdagi faoliyati ochiq muloqot shaklida tanqidiy ruhda tahlil qilindi, islohotlarni chuqurlashtirish yo‘lidagi muhim vazifalar belgilab berildi.

«Demokratiya parlamentdan boshlanadi. Parlament demokratiya maktabidir, — deya prezidentning so‘zlarini keltirgan  «Axborot» dasturi. — Shunday ekan, milliy parlamentni haqiqiy demokratiya maktabiga aylantirishimiz kerak. Bu o‘rinda siz, hurmatli deputatlar va senatorlar boshqalarga ibrat bo‘lishingiz zarur. Chinakam bahs, munozara, prinsipial tortishuv avvalo shu yerda, parlament minbarida bo‘lishi kerak. Shundagina har bir siyosiy partiya, parlamentdagi har bir partiya fraksiyasining haqiqiy qiyofasi va pozitsiyasi aniq bo‘ladi... Agar biz siyosiy partiyalarning Qonunchilik palatasidagi faoliyatini kuchaytirmasak, qonun ijodkorligi va qabul qilingan qonunlar ijrosida kutilgan natija bo‘lmaydi».

Shavkat Mirziyoyev bugungi kunda siyosiy partiyalar o‘z elektoratiga bergan va'dalarini, saylovoldi dasturlarini to‘la va samarali bajarmoqda, deb aytolmaymiz. Ular hanuzgacha mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotida, fuqarolar ongida o‘zining mustahkam o‘rnini egallay olmaganini qayd etib o‘tdi.

Qayd etildiki, ciyosiy partiyalar va Oliy Majlis Qonunchilik palatasi faoliyatida partiya fraksiyalari tomonidan ustuvor maqsad va vazifalarni amalga oshirishga qaratilgan aniq taklif va tashabbuslar deyarli sezilmayapti. 

Davlat rahbari mamlakatdagi 4 partiya — O‘zbekiston Xalq-demokratik partiyasi, «Milliy tiklanish» partiyasi, «Adolat» Sotsial-demokratik partiyasi hamda Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati - O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi faoliyatidagi kamchiliklarni sanab o‘tdi.

Masalan, o‘zini pensionerlar, kam ta'minlangan aholi qatlamlari manfaatlari himoyachisi sifatida namoyon etuvchi XDP ularning turmush darajasini oshirish, ijtimoiy faolligini kuchaytirish, davlat organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishdagi ishtirokini qo‘llab-quvvatlash borasida ko‘zga ko‘rinarli tashabbuslar bilan chiqmayapti.

«Milliy tiklanish» partiyasi milliy meros va qadriyatlarni tiklash, yanada boyitish, turizm sohasini rivojlantirishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan. Ammo amalda bu sohadagi qonunchilikni takomillashtirish, mavjud qonunlar ijrosini nazorat qilish yuzasidan yetarlicha faollik ko‘rsatmayapti.

«Adolat» partiyasi esa ijtimoiy adolat, ilm-fan, ta'lim-tarbiya va sog‘liqni saqlash yo‘nalishlarida aholi manfaatlarini himoya qilish shiori ostida faoliyat yuritadi. Lekin bu partiya ham, prezident so‘zlariga ko‘ra, mazkur sohalarda, xususan, jamiyatda qonun va adolat ustuvorligini, yoki aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish va uni dori-darmon bilan ta'minlash bo‘yicha tashabbuskorlik qilmadi.

Ma'ruzada qayd etilganidek, mamlakatdagi yetakchi partiya hisoblanmish O‘zLiDeP ham elektorat kutganichalik faoliyat ko‘rsatmayapti.

Prezidentning qayd etishicha, tadbirkorlar va ishbilarmonlar, fermerlar, xususiy mulk, jumladan, intelektual mulk egalari huquq va manfaatlarini himoya qilishni maqsad qilgan ushbu partiya yangi tashabbus va takliflar bilan maydonga chiqmayapti.

«Har qanday siyosiy partiya zamon bilan hamnafas bo‘lib, uning o‘tkir talablariga javob bergan taqdirdagina siyosiy kuch sifatida yashay oladi», dedi prezident.

Prezident partiyalar tegishli vazirliklar va idoralar faoliyati ustidan o‘z vakillik organlaridagi fraksiya va partiya guruhlari orqali parlament va deputatlik nazoratini samarali amalga oshirmayotganini ta'kidladi.

«Har bir siyosiy partiya o‘z dasturidagi vazifalardan kelib chiqib, nazorat qilinadigan qo‘mita va vazirliklarni aniqlab olishi, ular bilan tizimli ishlashi zarur», dedi davlat rahbari.

Shuningdek, partiyalar xalq bilan muloqot, yoshlar bilan ishlash hamda OAV bilan hamkorlikdagi faoliyati tanqid qilindi. Partiya nashrlarining kam adadliligi ularda dolzarb muammolar yoritilmayotgani bilan bog‘liqligi aytib o‘tildi.

Davlat rahbari yaxshi ishlayotgan, faol va jonkuyar tuman kengashi deputatlari keyinchalik viloyat deputatiga, viloyat deputati esa Oliy Majlis a'zosi bo‘lishiga imkon beradigan tizim yaratish zarurligiga e'tibor qaratdi.

Siyosiy partiyalar hududiy kengashlarining moddiy-texnik ta'minoti ko‘p hollarda talabga javob bermasligi ko‘rsatib o‘tildi. Siyosiy partiyalarning 18ta tuman kengashi o‘z binosiga ega emasligi, 62ta kengash binosi holati qoniqarsiz ekani qayd etildi. Vazirlar Mahkamasiga bu muammoni o‘rganish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

Prezident O‘zbekiston Ekologik harakat faoliyatiga alohida to‘xtaldi. U harakat doimiy ravishda qishloq hududlardagi aholining ichimlik suvi bilan ta'minlanishi, hududlardagi maishiy chiqindilar yig‘ilishi, qayta ishlanishi va utilizatsiya qilinishini nazorat qilishi kerakligini ta'kidladi.

«Shu bilan birga, sobiq tuzum davrida uzoqni o‘ylamasdan qurilgan, bugungi kunda ayrim vazirlik va idoralar, tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan ishlatib kelinayotgan sanoat inshootlari ham zamonaviy ekologik talablarga javob bermaydi.

Eng muhim masala – aholining ekologik madaniyatini oshirish haqida jiddiy bosh qotirishimiz zarur. Albatta, bunday muammolarni faqat ma'muriy yo‘l bilan hal etib bo‘lmaydi, bunga yosh avlod qalbida ona tabiatga mehr-muhabbat, unga daxldorlik hissini tarbiyalash orqali erishish mumkin.

Yuqorida zikr etilgan dolzarb muammolarni samarali hal etish uchun O‘zbekiston Ekologik harakati tashabbuskor bo‘lib, tegishli vazirlik va idoralar, avvalo, yaqinda tashkil etilgan Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi bilan birgalikda tegishli chora-tadbirlar ishlab chiqishi va amalga oshirishi zarur. Afsuski, hozirgi vaqtda Ekologik harakat faoliyatida bu borada aniq taklif va amaliy tashabbuslar sezilmayapti. 

Barcha yirik sanoat korxonalarida Ekologik harakatning vakillari bo‘lishi kerak. Vazirlar Mahkamasi shu masala yuzasidan ikki hafta muddatda taklif kiritsin. 

Umid qilamizki, Ekologik harakat atrof-muhit tozaligi va musaffoligini saqlashga, aholi o‘rtasida kasalliklarni kamaytirishga o‘z hissasini qo‘shadi», dedi, dedi prezident. 

Oliy Majlis tarkibida muhim bir tuzilma, ya'ni ilmiy-amaliy tadqiqot va axborot-tahliliy faoliyat olib boradigan, qonun loyihalarini ishlab chiqadigan markazning yo‘qligi bu boradagi ishlarni yuqori saviyada tashkil etish imkoniyatini bermayapti. Ilg‘or xorijiy tajribalardan kelib chiqqan holda, Oliy Majlis huzurida Qonunchilik muammolarini o‘rganish institutini tashkil etish taklif qilindi.

Shavkat Mirziyoyev deputatlik so‘rovlarini ko‘rib chiqish tartiblari va muddatlariga ham to‘xtalib o‘tdi. U parlament nazorati obektlari doirasini kengaytirish va Qonunchilik palatasida «Hukumat soati» institutini joriy etishga ko‘rsatma berdi.

Mavzuga oid